Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism va muassasalar, oliy harbiy ta`lim dargohlarida buyuk alloma, jamoat arbobi, so`z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligiga bag`ishlangan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar o`tkazildi.
Xususan, Markaziy harbiy okrug qo`mondonligi tashabbusi bilan Jizzax viloyatidagi Ma`naviyat va ma`rifat markazi majlislar zalida adabiyotshunos olimlar, professor-o`qituvchilar hamda harbiy xizmatchilar va o`quvchi-yoshlar ishtirokida “Navoiyxonlik kechasi” bo`lib o`tdi. Jizzax viloyati musiqali drama teatri aktyorlari tomonidan gavdalantirilgan yosh Navoiy obrazi esa yig`ilganlar olqishiga sazovor bo`ldi.
Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismlardan birida o`tkazilgan tadbirda esa shartnoma asosida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar, Jarqo`rg`on tumanidagi 28- va 57-umumta`lim maktablarining o`qituvchi va o`quvchilari ishtirokida Navoiyning nafis g`azallaridan namunalar o`qildi.

Toshkent viloyati Chirchiq shahrida joylashgan Ma`naviyat va ma`rifat markazida o`tkazilgan “Adabiyotimizning buyuk siymosi” nomli nazm va navo kechasida esa keng jamoatchilik vakillari, yozuvchi va shoirlar, talaba va o`quvchi yoshlar hamda adabiyot muxlislari ishtirok etdi.
Bundan tashqari, poytaxtimizdagi Qurolli Kuchlar akademiyasida yosh harbiy xizmatchilarni or-nomusli, qiyinchiliklardan qo`rqmaydigan, Vatanga sodiq bo`lib, o`z so`zida sobit turishida Navoiy asarlarining, Navoiy merosining o`rni beqiyosligiga bag`ishlangan ijodiy tadbir o`tkazilib, kursantlar va tinglovchilarning Navoiy obrazi haqida ko`proq ma`lumotga ega bo`lishini ta`minlash uchun nimalarga e`tibor qaratish lozimligi belgilab olindi.







