«Cotton Campaign» xalqaro koalisiya yig`ilishida ishtirok etish uchun
AQShga tashrif buyurgan Bosh vazir o`rinbosari Tanzila Norboeva boshchiligidagi
delegasiya Vashington shahrida AQSh prezidenti yordamchisi o`rinbosari Liza Kyortis,
davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari masalalari bo`yicha
yordamchisi birinchi o`rinbosari Elis Uells, shuningdek davlat kotibining inson
huquqlari bo`yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Maykl Kozak bilan uchrashdi.
Liza Kyortis bilan uchrashuv davomida inson huquqlari bo`yicha xalqaro hamkorlikni faollashtirish, O`zbekistonning mintaqaviy jarayonlardagi rolini kengaytirish, jumladan Afg`onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalalariga murojaat qilindi.
Oq uy vakili respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni, ayniqsa inson huquqlari himoyasi bilan bog`liq ishlarni yuqori baholadi.
AQSh diplomatlarining fikricha, O`zbekiston rasmiy delegasiyasining «Cotton Campaign» yig`ilishida birinchi marta ishtirok etishi respublika rahbariyatining inson huquqlari va erkinligini himoya qilishga yo`naltirilgan islohotlarni to`laqonli amalga oshirishga qat`iy bel bog`lagani va Toshkentning barcha masalalar bo`yicha ochiq hamda konstruktiv muloqotga tayyor ekanini tasdiqlaydi.
AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo`yicha yordamchisi Elis Uells O`zbekistonda nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikdagi harakatlar faollashuvini olqishladi. Uning fikricha, ayni damda O`zbekistondagi islohotlarda kuzatilayotgan ochiqlik va shaffoflik mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Diplomat O`zbekiston-Amerika o`rtasidagi barcha yo`nalishdagi hamkorlik, konstruktiv muloqot va fikrlar almashinuvi tajribasini yuqori baholadi hamda ikki mamlakat tashqi siyosiy idoralari o`rtasidagi maslahatlashuvning navbatdagi raundida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrifini intizorlik bilan kutayotganini ta`kidladi.
Davlat kotibi yordamchisi vazifasini bajaruvchi Maykl Kozak bilan muzokaralar davomida O`zbekistonda majburiy mehnatni yo`q qilish, qishloq xo`jalik sektoridagi islohotlar, fuqarolik jamiyati institutlari bilan aloqalar, nodavlat tashkilotlarni ro`yxatdan o`tkazish va faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini soddalashtirish, OAV erkinligini ta`minlashga doir amaliy choralar muhokama qilindi.
Diplomat O`zbekiston nafaqat majburiy mehnatni yo`q qilish masalasida, balki diniy erkinlikni ta`minlashda ham sezilarli yutuqlarga erishganini ta`kidladi. Qayd etilishicha, bu xizmatlarning e`tirof etilishiga mamlakatning AQSh Davlat departamenti va Mehnat departamenti hisobotlaridagi pozisiyalarining yaxshilanishi hamda uning "diniy erkinlik bo`yicha alohida xavotir uyg`otuvchi mamlakatlar ro`yxati"dan chiqarilishi sabab bo`lgan.