Andijon viloyati ichki ishlar boshqarmasi yong`in xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan yong`in o`chiruvchi kvadrosikl yaratildi.
“Uz Dong Yang Ko” qo`shma korxonasida takomillashtirilgan ushbu vosita avtomashina harakatlanishi uchun eng noqulay hisoblangan yo`llarda ham bemalol yura oladi. Ayniqsa, shahar sharoitidagi tirbandliklar, tor ko`chalarda manzilga kirib borish uning uchun cho`t emas, deb yozmoqda “Xalq so`zi”
— Kvadrosikl 100 litr hajmli suv sig`imi, kichik motopila, 16 metr shlang, mobil aloqa vositasi, ovozkuchaytirgich, sirena bilan ta`minlangan, — deydi boshqarma boshlig`ining o`rinbosari Jasurbek Karimov. — Shuningdek, undan joylarda patrul xizmatini, aholi o`rtasida targ`ibot ishlarini tashkil etishda ham foydalansa bo`ladi. Shu bois uni “Yong`in o`chirish patruli” deb nomladik.
Bugina emas, “GM Uzbekistan” aksiyadorlik jamiyati bilan ham yangi moslama vujudga keldiki, uning natijasida yong`in paytida 5 kishi tomonidan amalga oshiriladigan yumushlar bir kishi tomonidan bajarilishiga erishildi. Bu ishni tez va sifatli tashkil qilish imkonini beryapti.






