AsosiyJamiyat

Samarqandda hujjatsiz faoliyat yuritayotganlarning 30 mln so`mdan ortiq tovarlari olib qo`yildi

'Samarqandda hujjatsiz faoliyat yuritayotganlarning 30 mln so`mdan ortiq tovarlari olib qo`yildi'ning rasmi

Samarqand viloyati davlat soliq xizmati organlari tomonidan xufiyona iqtisodiyotga qarshi kurashish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, shahar va tumanlarda tegishli tartibda davlat ro`yxatidan o`tmasdan faoliyat yuritayotganlarni aniqlashga qaratilgan nazorat tadbirlari o`tkazilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyati DSB Soliq sohasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo`limi boshlig`i Shamil Mutalibov ma`lum qildi.

Narpay tumani davlat soliq inspeksiyasi tomonidan o`tkazilgan nazorat tadbirida fuqaro G`.Ch o`z uyida davlat ro`yxatidan o`tmasdan noqonuniy ravishda stomatologiya xizmatini ko`rsatib kelgani aniqlandi. Natijada fuqarodan daliliy ashyo sifatida 15 mln so`mlik bormashina va 1,3 mln so`mlik havo kompressori vaqtinchalik saqlash uchun olib qo`yildi.

Tayloq tumanida o`tkazilgan nazorat tadbirida davlat ro`yxatidan o`tmasdan savdo faoliyati bilan shug`ullanib kelayotgan “tadbirkorlar” aniqlandi. Xususan, fuqaro H.N hujjatsiz ayollar kiyim-kechagi savdosi bilan shug`ullanganligi uchun undan jami qiymati 5 mln 580 ming so`mlik tovarlar daliliy ashyo sifatida olindi. Tayloqliq H.A ham davlat ro`yxatidan o`tmasdan, erkaklar poyabzallari va kiyim-kechaklari savdosi bilan shug`ullanib kelgani ma`lum bo`ldi. Nazorat tadbiri davomida undan 1 mln 265 ming so`mlik tovarlar olib qo`yildi.

Shu tumandan M.D ayollar kiyim-kechagi savdosi bilan hujjatsiz faoliyat yuritishni o`ziga ep ko`rgan. Davlat ro`yxatidan o`tmay faoliyat yuritgan fuqaroning 3 mln 705 ming so`mlik tovari daliliy ashyo sifatida olindi.

Jomboylik T.A esa o`zi yashab turgan xonadonda noqonuniy ravishda yashirin sex tashkil etishdan tap tortmadi. Davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan o`tkazilgan nazorat tadbirida siri fosh bo`lgan “tadbirkor”ning qiymati 700 ming so`mlik alyuminiy profillarga ishlov beruvchi freza apparati va 250 ming so`mlik dreli olib qo`yildi.

Joriy yilning 1-6 fevral kunlari joylarda o`tkazilgan 15 ta nazorat tadbiri davomida tegishli hujjatlarsiz faoliyat yuritib kelgan fuqarolardan jami 30 million 441 ming 800 so`mlik tovarlar olib qo`yilganini ta`kidlash joiz.

Viloyat davlat soliq xizmati organlari xodimlari tomonidan olib borilgan profilaktik suhbatlar natijasida joriy yilning fevral oyida 717 nafar fuqaro yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro`yxatidan o`tkazildi. Shuningdek, 314 nafar tadbirkor faoliyatini qayta tikladi.

    Boshqa yangiliklar