O`zbekistonda AQShning Vebster Universiteti filiali ochilishi haqida Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
O`zbekistonning AQShdagi elchixonasida Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Vebster Universiteti o`rtasida ta`lim xizmatlarini ko`rsatish va inshootlardan foydalanish to`g`risidagi hujjat imzolandi.
Mazkur hujjatning imzolanishi O`zbekistonda Amerika oliy ta`lim muassasasi (OTM)ning birinchi doimiy filiali ochilishini tasdiqlaydi.
Imzolash marosimida Bosh vazir o`rinbosari Tanzila Narbaeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiev, "O`zto`qimachiliksanoat" uyushmasi vakili Ilhom Haydarov ham ishtirok etishdi.
Vebster tomonidan biznes-ma`muriyat, marketing va tadbirkorlik, kompyuter bilimlari, jurnalistika va media-sanoat, sog`liqni saqlash boshqaruvi, STEM-ta`lim va innovasiyalar hamda boshqa yo`nalishlar bo`yicha bakalavriat va magistratura uchun akademik dasturlarning to`liq spektri taqdim etiladi.