AsosiyJamiyat

Nurota tog`larida qarovsiz qoldirilgan 131 bosh qo`y va echkilar sotib yuborilgani aniqlandi

'Nurota tog`larida qarovsiz qoldirilgan 131 bosh qo`y va echkilar sotib yuborilgani aniqlandi'ning rasmi

2019 yil 28 yanvar kuni jinoyat ishlari bo`yicha Nurota tuman sudining ochiq sud majlisi o`z binosida sudya Z.Ibragimov raisligida sudlanuvchilar – H. Komilov, B.Isaev va I.Norovga (ism-familiyalar o`zgartirilgan) nisbatan jinoyat ishini ko`rib chiqdi, deb xabar bermoqda O`zA.

Sudlanuvchi H.Komilov Nurota tumani, Oqqula qishlog`ida istiqomat qilib, o`zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida oldindan tanish bo`lgan B.Isaev bilan til biriktirib, B.Isaevning amakisi Sh.Isaevga tegishli bo`lgan jami 131 bosh mayda shoxli mollarni Nurota tumani, Pismoncha tog`ida qarovsiz qoldirilganligidan foydalanib, 2018 yil avgust oyining o`rtalaridan 2018 yil sentyabr oyining oxiriga qadar besh marotaba yashirin ravishda Qiziltepa va Karmana tumani hududidagi molbozorlarga sotib yuborgan va pullarini o`zlarining ehtiyoji uchun ishlatgan.

Lekin engil yo`l bilan boylik orttirish yoqib qolgan B.Isaev o`ziga oldindan tanish bo`lgan I.Norovni ham jinoyat ko`chasiga etaklaydi.

2018 yil 25 oktyabrdan 26 oktyabrga o`tar kechasi B.Isaev I.Norov bilan oldindan o`zaro jinoiy til biriktirib, Nurota tuman “Qizilcha“ MFYda yashovchi A.Ilyosovning jami 53 bosh mayda shoxli mollarni va har biri 400 000 so`mdan bo`lgan 2 bosh echkilarini Nurota tumani, “Qizilcha” MFY, “Konsoy” darasida qarovsiz qoldirilganligidan foydalanib, Qiziltepa tumanidagi molbozorda sotib yuboradi va pullarini o`zlarining ehtiyojlari uchun ishlatadi.

Sud ish hujjatlarni atroflicha o`rganib chiqib, dalillarga baho berib, “Jarma” mahallasining sudlanuvchilar – B.Isaev, H.Komilovni kafillikka berish to`g`risidagi iltimosnomasini eshitib, jabrlanuvchilarga etkazilgan zarar qoplanganligi, sudlanuvchilarning qilmishidan chin ko`ngildan pushaymonligini hisobga olib, ularga ozodlikdan mahrum etish bilan bog`liq bo`lmagan, ya`ni ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi va sud zalidan qamoqdan ozod qilindi, I.Norovga nisbatan esa axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.

    Boshqa yangiliklar