Poytaxtimizdagi Hyatt Regency mehmonxonasida mahalliy va xorijiy biznes-tuzilmalar, jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida yangi “Business city” loyihalarining taqdimoti bo`lib o`tdi.
Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabariga ko`ra, loyihalar Mirzo Ulug`bek va Yunusobod tumanlarida amalga oshirilishi ko`zda tutilgan.
Taqdimotda “Mirzo Ulugbek Business city” loyihasi Amir Temur maydonidan Mustaqillik va Mirzo Ulug`bek ko`chalari bo`ylab 6.5 km masofada, “Yunusobad Business city” loyihasi Yangi shahar va Chinobod ko`chalari kesishmasida joylashishi qayd etildi.
Mazkur loyihalar doirasida zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan mehmonxonalar, ko`p qavatli turar-joy binolari, chakana savdo do`konlari, ko`p tarmoqli majmualar, ijtimoiy infratuzilma ob`ektlari kabilarni o`z ichiga oladi.

Ma`lumot uchun, “Yunusobad Business city” markazi 4 ta lotdan iborat. 41 gektar maydonda qurilishi kutilayotgan markazning birinchi lotida 9,12,15 qavatli 3 va 4 yulduzli mehmonxonalar bunyod etiladi. Ikkinchi lot hududida maktab va bog`cha hamda 1388 o`rinli avtoturargoh barpo etish ko`zda tutilgan. Maydoni 1,4 gektar bo`lgan uchinchi lotda ofis va mehmonxonalar, 12 va 15 qavatli binolar quriladi. 18,2 gektarlik to`rtinchi lotda esa katta bog`, kichik do`kon va restoranlar qurish rejalashtirilgan.






