O`zbekistonda 2019-2029 yillarda mamlakat atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjat mamlakat Prezidentining 2019 yil 7 fevraldagi PQ-4165 sonli qarori bilan tasdiqlangan.
Hujjatda dastlab qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O`zatom” agentligi) tomonidan tegishli vazirliklar va idoralar bilan birga 2018-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasi va Rossiya Federasiyasi hukumatlari o`rtasida O`zbekiston hududida atom elektr stansiyasini barpo etish sohasida hamkorlik to`g`risidagi bitimni amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tadbirlari bajarilmoqda.
Qaror bilan tasdiqlangan konsepsiyada quyidagilar ko`zda tutilgan:
milliy yadro infrastrukturasini rivojlantirish, shu jumladan, me`yoriy-huquqiy bazani shakllantirish, O`zbekistonning yadro xavfsizligi bo`yicha global rejimda ishtirok etishini, jamoatchilik uchun yadro-energetik dasturning ochiqligini ta`minlash, malakali kadrlar bilan ta`minlash;
birinchi atom elektr stansiyasini barpo etish, shu jumladan, maydon tanlash va joylashtirilishini lisenziyalash, AES ni loyihalashtirish, qurish va foydalanishga topshirish;
atom energiyasidan foydalanishda atrof-muhit muhofazasini va odamlarning radiasion himoyasini ta`minlash;
xavfsiz va iqtisodiy jihatdan samarali yadroviy yoqilg`i siklini ta`minlash, shu jumladan, atom energetikasini uzoq muddat yadro yoqilg`isi bilan ta`minlash, qayta ishlangan yoqilg`i bilan xavfsiz muomala qilish uchun shart-sharoitlarni yaratish, uni qayta ishlash va chiqindilar utilizasiya qilinishini ta`minlash;
atom energetikasining uzoq muddatli rivojlanishini ta`minlash, shu jumladan, atom fani va texnologiyalarini rivojlantirish, mamlakat tashkilotlari tomonidan AES qurilishi va undan foydalanishni qo`llab-quvvatlash uchun loyihalashtirish, konstruktorlik, ekologik va boshqa sohalarga oid bilim va tajribalarni o`zlashtirish, bo`lg`usi AES uchun referent texnologiyalarni tanlash maqsadida yadroviy texnologiyalarni o`rganish.
Shuningdek, qaror bilan 2019-2029 yillarda mamlakat atom energetikasini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo`yicha “Yo`l xaritasi” tasdiqlandi.
“Yo`l xaritasi” quyidagilar bo`yicha tadbirlar amalga oshirilishini ko`zda tutadi: yadro xavfsizligi sohasidagi xalqaro konvensiyalarga qo`shilish yoki qoidalarini O`zbekiston qonunchiligiga implementasiya qilish, shuningdek, atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish sohasidagi me`yorlar va qoidalarni qabul qilish; maydon tanlash hamda AES ni joylashtirilishini lisenziyalash, AES va uning tashqi infrastruktura ob`ektlarini loyihalash, qurish va foydalanishga topshirish; atrof-muhitni muhofaza qilish va radiasion himoya, shu jumladan, ishlatilgan yadro yoqilg`isini olib chiqish va saqlash, yangi va ishlatilgan yadro yoqilg`isi bilan muomala qilish; atom fani va texnologiyalarini, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoy soha, yadroviy tibbiyot va radioximiya uchun noenergetik yadro texnologiyalarini rivojlantirish; konsepsiyada ko`zda tutilgan tadbirlar amalga oshirilishining monitoringi va nazorati.