14 fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Vazirlik huzuridagi “Ma`naviyat va ma`rifat” markazi hamda “O`zbekkonsert” davlat muassasasi ko`magida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligi munosabati bilan #BoburDay sayli bayram aksiyasi o`tkazilishi rejalashtirilgan.
Mazkur aksiyada o`zini milliy qadriyatlarimizga daxldor deb biluvchi har bir fuqaro faol ishtirok etish uchun universitetga tashrif buyurishi va hududda o`rnatilgan buyuk siymo Bobur tavallud kuniga bag`ishlab tayyorlangan maxsus bannerlar, dekorasiya va illyustrasiyalar atrofida suratga tushib, o`z ishtiroki va munosabatini onlayn tizimda turli ijtimoiy tarmoqlarda aks ettirib borishi mumkin.
Aksiyada barcha yurtdoshlarimiz jumladan, el sevgan taniqli san`atkorlar, kino va teatr aktyorlari, sportchilar, shuningdek, keng yoshlar ommasi faol ishtirok etishi kutilmoqda.
Jahon trendlaridan biriga aylanib ulgurgan #BoburDay xeshtegi mana bu yil ham Internet foydalanuvchilari o`rtasida yana bir bor ulug` allomaning hayoti va ijodini faol targ`ib qilib, yoshlar o`z tengdoshlari bilan dunyoning barcha burchaklaridan turib mavzu atrofida muloqot qilishlari hamda fikr almashishi uchun imkoniyat yaratmoqda.
Shuningdek, saylda bir vaqtning o`zida barcha ijtimoiy tarmoqlarning faol foydalanuvchilari o`z postlarida #BoburDay xeshtegini ishlatgan holda qatnashishlari mumkin.
#BoburDay sayli Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 14 fevral kuni soat 9:00dan 18:00gacha bo`lgan vaqt oralig`ida o`tkaziladi.






