Kecha, 12 fevral kuni “Xalqlar do`stligi” saroyi oldidagi maydonda mahallalarda jinoyatlar va huquqbuzarliklar yuz berishini oldini olish, fuqarolar osoyishtaligini ta`minlashda o`zining xizmatlari bilan munosib hissa qo`shgan profilaktika inspektorlari hamda mahalla faollarini rag`batlantirish maqsadida tantanali taqdirlash marosimi bo`lib o`tdi.
Unda O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant P.Bobojonov va Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo`jaev so`zga chiqib, alohida o`rnak ko`rsatgan 120 nafar profilaktika inspektorlari hamda 48 nafar mahalla faollarini tabrikladilar, ularga jamoat xavfsizligini ta`minlashni rag`batlantirish jamg`armasi hisobidan pul mukofotlari taqdim etildi.
Tadbirda Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatdan hokimiyat va boshqa davlat organlari, jamoat tashkilotlari bilan hamkorligi yangi bosqichga ko`tarilgani ta`kidlab o`tildi.

“Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni”da aholi o`rtasida keng qamrovli huquqiy-ma`rifiy targ`ibot tadbirlari o`tkazilishi bilan birga bunday tadbirlarda jinoyatning kelib chiqish sabablari, jinoyat sodir etishga olib kelgan shart-sharoitlar tahlil qilinib, mahalla faollari va keng jamoatchilik ishtirokida zarur chora-tadbirlar belgilanmoqda.

Shuningdek, poytaxt ichki ishlar organlarining axborot-kommunikasiya infratuzilmasini rivojlantirish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2018 yilda ko`cha va jamoat joylariga, ob`ektlar hamda xonadonlarga jami 30 mingdan ortiq videokuzatuv moslamalari o`rnatildi. Buning natijasida 2018 yilda Toshkent shahrida umumiy jinoyatlar soni 2 barobarga kamaygani va ushbu jarayon joriy yilda ham davom etayotgani hamkorlikda qilingan ishlarning samara berayotganligini qo`rsatib turibdi.

O`zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabariga ko`ra, bundan tashqari profilaktika xizmati xodimlarining 1048 nafari qidiruv, shaxsni identifikasiya qilish, profilaktik hisob GPS nazorati kabi ma`lumotlar bazasiga onlayn ulangan xizmat uyali aloqa vositalari bilan ta`minlandi.
Natijada fuqarolarning shaxsini aniqlashda ortiqcha ovoragarchiliklarga barham berildi. “Fidokor yoshlar” guruhlarida faol ishtirok etgan yoshlardan 448 nafari ichki ishlar organlari safiga qabul qilinganligi, 81 nafariga Ichki ishlar va Mudofaa vazirliklari oliy ta`lim muassasalariga o`qishga kirishlari, 1005 nafariga esa harbiy xizmatga borishlari uchun tavsiyanomalar berilganligi yoshlarda vatanparvarlik ruhini shakllantirishga xizmat qilmoqda.






