GM Uzbekistan AJ va “O`zagrosug`urta” AJ avtomobil xarid qilish istagida bo`lgan mijozlarga qo`shimcha qulaylik yaratish maqsadida jismoniy shaxslarga Chevrolet Malibu va Tracker avtomobillarini muddatli to`lov orqali sotib olish bo`yicha yangi xizmatni ishlab chiqdi, deb xabar qilmoqda GM Uzbekistan matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, endilikda xaridor Tracker avtomobili puliga (215 mln so`m) Malibu, Lacetti puliga esa (128 mln so`m) Chevrolet Tracker xarid qilishi mumkin.
Yangi sug`urta turi Chevrolet Malibu va Chevrolet Tracker avtomobillari uchun aynan ushbu miqdordagi dastlabki to`lovni amalga oshirib, ushbu avtomobillarning egasiga aylanish imkonini beradi. Avtomobilning qolgan summasi 12 oy davomida foizsiz bo`lib to`lanadi.
Aksiya 14 fevraldan 1 martga qadar amal qiladi. Aksiya bo`yicha ajratilgan avtomobillar soni chegaralangan. Qayd etish joizki, mazkur aksiyada faqat dilerlarda mavjud bo`lgan ushbu modeldagi avtomobillar ishtirok etadi.
Shartnoma tuzilgan vaqtda “O`zagrosug`urta” mutaxassislari o`sha joyning o`zida muddatli to`lovga berilayotgan summaning 3% miqdorida moliyaviy xatardan, shuningdek muddatli to`lov summasining garov qiymatidan 1% miqdorda sug`urta polisini rasmiylashtiradi. Avtomobil uchun to`liq to`lov amalga oshirilmaguniga qadar dilerda garovda bo`ladi. Oylik to`lovlar shartnoma tuzilgan sanadan keyingi oyning har 15 sanasigacha amalga oshirilishi lozim.
Qayd etish joizki, shartnoma muddati va to`lov shartlari buzilishga yo`l qo`yilgan taqdirda kelishuv bekor qilinadi.