Samarqand xalqaro aeroportiga “Istanbul – Samarqand” yo`nalishida uchib kelgan O`zbekiston Respublikasi fuqarosi G`.N. “yashil” yo`lak orqali bojxona nazoratidan o`tayotganida uning xatti-harakatlari bojxonachilar e`tiborini tortdi. Shundan so`ng bojxona xodimlari xolislar ishtirokida ushbu fuqaroga tegishli bo`lgan yuklarni ko`zdan kechirishdi.
Natijada, uning sumkasi ichidan O`zbekiston Respublikasiga bojxona to`lovlarisiz olib kirish me`yoridan (65 gr.) ortiqcha bo`lgan umumiy og`irligi 360 grammga yaqin kumush buyumlar borligi aniqlandi. Holat yuzasidan bojxonachilar tomonidan ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi bayonnoma rasmiylashtirildi.
Ushbu holat yuzasidan o`tkazilgan sud majlisida fuqaro G`.N. ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 33-moddasi qo`llanib, eng kam oylik ish haqining uch baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Shuningdek, jami bahosi 9 million so`mga yaqin bo`lgan kumush buyumlar tegishli tartibda davlat foydasiga musodara qilindi.






