Respublika sog`liqni saqlash vazirligi axborot xizmatining ma`lum qilishicha, Turkiyaning Istanbul shahrida Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti Evropa mintaqaviy byurosining Sog`liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyatlardan odamlarni himoya qilish bo`yicha sa`y-harakatlarni birlashtirish mavzusiga bag`ishlangan oliy darajadagi vazirlar yig`ilishi bo`lib o`tmoqda. Unda JSST Evropa mintaqaviy byurosiga a`zo 53 davlatning sog`liqni saqlash vazirlari, xalqaro ekspertlar, jumladan, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi delegasiya ham ishtirok etmoqda.
Mazkur uch kunlik yig`ilishda tibbiyot sohasida global darajadagi masalalar atroflicha ko`rib chiqilmoqda. Jumladan, favqulodda vaziyatlarda sog`liqni saqlash samaradorligini oshirish bo`yicha majburiyatlarni kuchaytirish hamda ijrosiga alohida e`tibor qaratish yuzasidan atroflicha muhokamalar yig`ilish ishtirokchilarida katta qiziqish o`yg`otmoqda.
Muhokamalar sessiyalarga bo`lingan holda davom etdi. Jumladan, O`zbekiston Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov raisligida o`tgan yakunlovchi yalpi majlisda mintaqada salomatlikni asrash borasida 2023 yilgacha va undan keyingi rivojlanish bosqichlari keng muhokama etildi.

Darhaqiqat, favqulodda vaziyatlarda salomatlik uchun barcha tahdidlarga qarshi etarli darajada himoyani ta`minlash uchun milliy va umumiy ijtimoiy yondashuvga asoslangan siyosiy majburiyat va yuqori darajadagi moliyaviy yordam talab qilinadi. Shu bois jamiyat sog`lig`iga tahdidlarning oldini olish, ularni tayyorlash, aniqlash va tartibga solish, zarur hollarda a`zo mamlakatlarga yordam berish uchun milliy strategik imkoniyatlarni mustahkamlash va qo`llab-quvvatlash muhim o`rin tutadi.
Oliy darajadagi vazirlar yig`ilishi davom etmoqda.






