Bugun buyuk adib, shoir, olim, yirik davlat arbobi va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalluddiga 536 yil to`ldi. Zahiriddin Muhammad Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo`lsa, serjilo o`zbek tilida yozilgan «Boburnoma» asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Sana munosabati bilan yozuvchi Xayriddin Sultonning “Boburiynoma” nomli asari nashr etildi.
“Boburiynoma” janr xususiyati, mazmun mundarijasi, voqealar rivoji, badiiy-estetik tasvir usullari va tarixiy-falsafiy ahamiyatiga ko`ra, o`zbek adabiyotida o`ziga xos o`rin egallaydi. Zahiriddin Muhammad Boburning murakkab taqdiri, uning noyob shaxsiyati, muallifning bu zotga bo`lgan mehr-muhabbati asarning bosh mavzusini tashkil etadi. Asarda shaxsiy xotiralar esse va hikoyaga, safar taassurotlari, hayotiy hangomalar badiiy-falsafiy mulohazalarga, bugungi kun voqealari tarixiy lavhalarga, tarixiy shaxslar badiiy obrazlarga uyg`un bo`lib, mazkur kitobning ham tarixiy, ham badiiy-falsafiy qimmatini oshiradi.






