O`zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyandasi, olim va shoir, shoh va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 536 yilligi munosabati bilan adabiy-ma`rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda, deb xabar berdi O`zA.
Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi bog`da Andijon viloyati hokimligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi xalqaro jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Hindiston, Bangladesh, Qirg`iziston davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar, mamlakatimizda va xorijda faoliyat olib borayotgan boburshunos olimlar, professor-o`qituvchilar, talabalar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so`zga chiqqan viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov va boshqalar O`zbekistonda buyuk alloma va mutafakkirlarning ijodiy merosini o`rganish, xotirasini abadiylashtirish, asarlarida ilgari surilgan ezgu g`oyalarni keng targ`ib etishga alohida e`tibor qaratilayotganini ta`kidladi. Boburning betakror she`riyati, Sharq xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, tabiati va qadriyatlari haqida mufassal ma`lumot beruvchi, insonni komillikka undovchi asarlari yosh avlodni Vatanga muhabbat, istiqlol g`oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga egaligi aytildi.
«Darhaqiqat, Bobur ijodi insonni komillikka etaklovchi ulkan ma`naviy merosdir. Ayniqsa, adabiyot, tarix, tilshunoslik, huquqshunoslik, musiqa va geografiyaga oid asarlari bizga tariximiz haqida juda ko`p ma`lumotlar berish bilan birga, o`sha davr yozma manbaalarini o`rganishimizda muhim ilmiy asos bo`lib xizmat qilmoqda. Bobur lirikasi o`zbek mumtoz adabiyotining eng go`zal sahifalaridan desak yangilishmaymiz», — deyiladi xabarda.
Tadbirlar davom etmoqda.








