2019-2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma`lum qildi.
Qaror bilan 2019-2025 yillarda O`zbekiston Respublikasi aholisining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini rivojlantirish konsepsiyasi hamda ushbu Konsepsiyani amalga oshirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Konsepsiyaning asosiy vazifalaridan biri ruhiy holati buzilgan shaxslar manfaatlari yo`lida ma`muriyatchilik sifatini oshirish, psixiatriya xizmati bilan davlat va nodavlat tashkilotlar o`rtasida samarali hamkorlik tizimini shakllantirish hisoblanadi.
Sog`liqni saqlash vazirligi lavozimlari ro`yxatiga “O`zbekiston Respublikasi Bosh psixiatri” va “O`zbekiston Respublikasi Bosh suisidologi” lavozimlari kiritildi.
Ruhiy holati buzilgan shaxslar ularga psixiatriya yordami ko`rsatilishi vaqtida bepul yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi belgilandi.
Yangi tahrirdagi “Psixiatriya yordami to`g`risida”gi qonun ishlab chiqilib, unda aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish sohasidagi vakolatli davlat organlari funksiyalari hamda vakolatlari aniq chegaralanishi nazarda tutiladi.