AsosiyJamiyat

Mehnat Qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

'Mehnat Qonunchiligini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi'ning rasmi

Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo`mitasi tomonidan O`zLiDeP fraksiyasi va partiya Siyosiy Kengashi ijroiya qo`mitasi hamkorligida 2019 yil 14 fevralda tashkil etilgan davra suhbatida fuqarolarning mehnat qilish huquqini ta`minlash masalalari ko`tarildi, deb yozadi Norma.

Tadbirda «O`zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida»gi qonun loyihasi keng muhokama qilindi.

Deputatlar ish beruvchining o`z fuqarolik javobgarligini majburiy sug`urta qilish bo`yicha majburiyatini bajarmaslik, aholini ish bilan ta`minlash to`g`risidagi qonun hujjatlarini buzish, mehnatga ma`muriy tarzda majburlash kabi holatlarda ma`muriy javobgarlikni kuchaytirib, jarima miqdorini oshirishni taklif qildilar. Shuningdek mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik va g`ayriqonuniy ravishda ishdan bo`shatganlik uchun jinoiy javobgarlik normalari qayta ko`rib chiqildi.

Ish beruvchi tomonidan ishga qabul qilish tartibini buzish, ish o`rinlarining majburiy attestasiyasini o`tkazishni rad etish va boshqa holatlarning uchrayotgani JK va MJTKga o`zgartish va qo`shimchalar kiritishni taqozo etdi.

Chunonchi, 2017 yil va 2018 yilning birinchi yarim yilligida sudlar tomonidan mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun 431 nafar shaxsga nisbatan 354 ta jinoyat ishi ko`rib chiqilgan. Ish beruvchilar tomonidan ushbu sohada 37 mingdan ziyod huquqbuzarliklar sodir etilgan, 405 ta holatda kvota ish o`rinlari yaratilmagan, 3300 ta vakant ish o`rinlari yashirilgan, ish beruvchilarning 355 tasi fuqarolik javobgarligini sug`urta qilmagan.

Qo`mita a`zolarining ta`kidlashicha, ushbu qonunning qabul qilinishi fuqarolarning mehnat huquqlarini, aholi bandligi va mehnat muhofazasi sohasida huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan profilaktika choralarini kuchaytirishni hamda bu sohadagi huquqbuzarliklarni toifalashda yagona huquqni qo`llash amaliyotini ta`minlash imkonini beradi.

    Boshqa yangiliklar