Kecha o`zbekning atoqli farzandi, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tavalludiga bag`ishlab, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida #BoburDay xeshtegi ostida sayl tashkil qilindi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Vazirlik huzuridagi “Ma`naviyat va ma`rifat” markazi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti ko`magida o`tkazilgan sayl kun davomida san`at va madaniyat ixlosmandlari bilan gavjum bo`ldi.
Adabiyotga, xususan, Bobur ijodiga befarq bo`lmagan faol yoshlar, estradamizning yorqin yulduzlari, taniqli kino va teatr aktyorlari ishtirokida she`rxonlik kechalari, jonli ijroda qo`shiqlar guldastasi, Hazrat Bobur siymosini aks ettirgan sahna ko`rinishlari namoyish etildi.
–Bobur shohlarning shoiri va shoirlarning shohi. Bu ta`rif uning butun umrlik sermahsul ijodi va shohlik faoliyatidagi adolatparvarligiga berilgan eng yaxshi va eng munosib nisbat. Bugungi tadbir esa yoshlarni hech bo`lmasa, Boburning bitta ruboiysi yoki g`azalini yodga olishiga turtki beradi. Yoshlar, ayniqsa yigitlar Boburning shijoatli yuragi, vatanparvarlik fazilatlarini o`zida shakllantira olishi lozim. Buning uchun nima qilish kerak? “Boburnoma”ni o`qish kerak. Agar “Boburnoma”ni o`zbek o`g`lonlarining hammasi o`qiganda edi... Chunki bu asar o`g`lonlarimizni mard, jasur, dovyurak, xalqiga nafi tegadigan oriyatli bo`lib ulg`ayishlari uchun muhim. Bizning O`zbek milliy akademik drama teatrimiz jamoasi ham fevral oyida ulug`lar hayoti va ijodini aks ettirgan spektakllarni sahnaga olib chiqyapti. Xalqimiz, yoshlarimiz ularni ko`rishi, xulosa qilishi kerak, – deydi O`zbekiston xalq artisti Yoqub Ahmedov.
Tadbirda kitob yarmarkalari, nafis yog`och o`ymakorlik ishlari, mo`yqalam ustalarining fotogalereyasi, karving san`ati egalarining ijodiy ishlanmalarini kuzatgan sayl ishtirokchilari haqiqiy san`at asarlaridan bahramand bo`lishdi.
–Men Bobur bobomizning juda ko`p portretlarini, miniatyuralarini chizganman. Kompozisiyalar yaratganman. Kompozisiya, aslida, ma`lum bir asardagi kulminasion nuqta, ya`ni eng hayajonli, ta`sirlantiradigan voqea asosida yaratiladi. Bugungi saylda Boburning ona yurtga muhabbatini aks ettiradigan “Yurt sog`inchi” nomli asarim bilan qatnashyapman. Bu erda asosiy e`tiborni Bobur va qovunga qaratganman. Asosan, Boburning suratlarini chizishda issiq ranglardan foydalanaman. Mening nazarimda, jigarrang, olovrang,qizil ranglar Boburning xarakterini, ichki dunyosini ochib bera oladi, – deydi Kamoliddin Behzod nomidagi Sharq miniatyura san`ati muzeyi xodimi Lobar Yo`ldosheva.
Shuningdek, #BoburDay sayli aksiyasida nafaqat O`zbekistondagi balki Rossiya Federasiyasi, AQSh, Buyuk Britaniya, Turkiya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Chexiya, Latviya, Sloveniya, Slovakiya, Ukraina kabi ko`plab davlatlarda o`qish yoki mehnat faoliyati bilan mashg`ul bo`lgan yosh vatandoshlarimiz ham faol ishtirok etib, o`z ishtiroki va munosabatini onlayn tizimda turli ijtimoiy tarmoqlarda aks ettirib bordi.
Go`zalxon Oxunova






