AsosiyJamiyat

Toshkent davlat stomatologiya instituti mutaxassislarni tayyorlash sohasida ikkinchi bor xalqaro darajada tan olindi

'Toshkent davlat stomatologiya instituti mutaxassislarni tayyorlash sohasida ikkinchi bor xalqaro darajada tan olindi'ning rasmi

Respublika sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, Toshkent davlat stomatologiya instituti har ikki yilda bir marta o`tkaziladigan A. I. Evdokimova nomidagi Moskva davlat tibbiyot va stomatologiya universiteti tomonidan Butun Rossiya stomatolog talabalar olimpiadasida muntazam ishtirok etib keladi. Ushbu tadbir har bir talabaning o`qish davomida olgan bilim va ko`nikmalarini namoyish etish imkonini beradi. Olimpiada ko`lamiga ko`ra Mustaqil davlatlar hamdustligi mamlakatlarini qamrab olgani e`tiborga molik.

Joriy yilda tashkil etilgan olimpiadada ham MDH davlatlarining 45 dan ortiq oliy o`quv yurtlari talabalari ishtirok etdi. E`tiborga molik jihati, unda stomatologiyaning barcha yo`nalishlari qamrab olingan. Olimpiada doirasida ishtirokchilar uchun seminarlar tashkil etilib, tish kasalliklari profilaktikasi, diagnostikasi va davolash borasidagi yangi texnologiyalar namoyish qilinadi.

2017 yilda o`tkazilgan olimpiadada ham 50 ga yaqin oliy o`quv yurtlari orasida Toshkent davlat stomatologiya instituti talabalari chempion bo`lishgan edi. Bu safar ham o`zbekistonlik talabalar bilim va mahoratlarini yaxshi namoyish etishdi. Institutning 5-kurs talabasi Sardor Xaytmetov olimpiadaning mutlaq g`olibi bo`lgan bo`lsa, Farruh Mingboev va Boburjon Hamidov ikkinchi o`ringa sazovor bo`lishdi. Shu tariqa Toshkent davlat stomatologiya instituti o`tgan uch yil ichida stomatologiya sohasida mutaxassislarni tayyorlashda ikkinchi bor xalqaro darajada tan olindi.

    Boshqa yangiliklar