AsosiyJamiyat

​Toshkentda kampus — harbiy-ilmiy shaharcha barpo etiladi

'​Toshkentda kampus — harbiy-ilmiy shaharcha barpo etiladi'ning rasmi

O`zbekiston Prezidentining qaroriga muvofiq Toshkentda xalqaro standartlarga mos kampus quriladi. Kampus hududida Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti joylashadi deb ta`kidlagan harbiy institut boshlig`i Hakim Muhiddinov “Vatanparvar” gazetasiga bergan intervyusida.

Kampus bu — xalqaro tilda ilmiy shaharcha degani. Bu shaharchada ilmiy-tadqiqot o`tkazish, nazariyani o`rganish, tajriba-amaliyot o`tash hamda yashash uchun barcha sharoitlar yaratiladi. Mazkur ilmiy shaharchada aloqa sohasiga oid harbiy qism barpo etiladi va harbiy qismga qo`shinlarda qo`llanilayotgan barcha turdagi aloqa va axborot kommunikasiya tenologiyalariga oid texnika va uskunalar joylashtiriladi.

Harbiy qism yangi harbiy institut yonida joylashgani sabab, kursantlar bugungi o`tgan mavzusini yoki o`rgangan uskunasini ertasiga amaliyotda qo`llash imkoniyatiga ega bo`ladi.

Eslatib o`tamiz, O`zbekiston Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi «Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa sohasida ofiser kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori bilan Mudofaa vazirligi Axborot-kommunikasiya texnologiyalari va aloqa harbiy instituti tashkil etilgandi.

Mazkur harbiy institut nafaqat Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, balki 20 dan ortiq ta`lim muassasalari, jumladan, respublikadagi xorijiy hamkor universitetlar, masalan Toshkent Inha va Turin universitetining 3-bosqichini tugatgan, o`qish yakunlari bo`yicha yuqori natijalarga erishgan, sog`ligining holatiga ko`ra harbiy xizmatga yaroqli deb topilgan talabalar tanlov asosida qabul qilinadi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, harbiy institutni tamomlagan kursantlarga “leytenant” harbiy unvoni beriladi.

    Boshqa yangiliklar