“Alshaya Group” xalqaro kompaniyalar guruhi mamlakatimizdagi bir qator ob`ektlar, jumladan, “O`zbekiston” mehmonxonasini xususiylashtirishga qiziqish bildirmoqda.
Yaqinda Investisiyalar va tashqi savdo vazirligida ushbu guruh ijrochi direktori hamda Mabanee Company SAK yirik qurilish kompaniyasi raisi Muhammad al-Shaya boshchiligidagi delegasiya bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar ushbu xolding tomonidan O`zbekistonga, jumladan, turizm sohasiga investisiya kiritish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida o`tkazildi.
Delegasiya, ayniqsa, mehmonxona biznesini rivojlantirishga alohida qiziqish bildirdi. Yangi binolar qurish, kelgusida foydalanish uchun rekonstruksiyaga muhtoj mavjud ob`ektlarni xususiylashtirish shular jumlasidandir. Mana shunday inshootlardan biri “O`zbekiston” mehmonxonasidir.
Ilgari xabar berganimizdek, davlat “O`zbekiston” mehmonxonasini 33 mln. AQSh dollar evaziga sotuvga qo`ygan edi. Xaridor ikki yil davomida unga 100 mlrd. so`m investisiya kiritish majburiyatini o`z zimmasiga oladi.
Shuningdek, “Qadimiy Buxoro” turistik zonasi, “Chorvoq” turistik zonasi hududidagi tog` chang`i kurorti va arqon yo`li bo`yicha loyihalar haqidagi ma`lumotlar delegasiya a`zolari e`tiboriga havola etildi.
Xullas, uchrashuvda o`zaro hamkorlik imkoniyatlari har tomonlama ko`rib chiqildi.
Ma`lumot uchun, Alshaya kompaniyalari guruhiga 1890 yilda asos solingan. U chakana savdo bo`yicha xalqaro operator bo`lib, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Rossiya, Turkiya va Evropada keng tarqalgan. Alshaya portfelidan 90ga yaqin brend joy olgan. Ularning ichida Starbucks, H&M, Victoriaʼs Secret kabilar bor. Liboslar, kosmetika, oziq-ovqat, optika, farmasevtika, uy va hordiq uchun tovarlar sotiladigan 4000dan ortiq do`konlarni boshqarib keladi. Ko`chmas mulk, qurilish, turizm infratuzilmasi va avtomobil savdosi ham ushbu xolding aktivlari sirasiga kiradi. Unda 53 mingdan ziyod xodim ishlaydi.






