1

Eng yaxshi bolalar qahramonlari tanlab olindi

Jamiyat 05.03.2019, 12:30
Eng yaxshi bolalar qahramonlari tanlab olindi

Kecha, 4 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta`lim vazirligi hamda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi hamkorligida o`tkazilgan “Eng yaxshi bolalar qahramoni/qahramonlar guruhi” ko`rik-tanlovi yakunlandi.

Mazkur tanlov maktabgacha ta`lim materiallarini o`rgatuvlar uchun eng yaxshi bolalar qahramonini yaratish maqsadida tashkil etilgan bo`lib, unga 270 nafar ijodkordan 1000 dan ziyod ish kelib tushdi.

Asarlarning 17 tasi ko`rik-tanlovning yakuniy – final bosqichida qatnashish huquqini qo`lga kiritdi. Finalchilarning 10 nafari onlayn ovoz berish yo`li bilan saralangan bo`lsa, qolgan 7 nafari tashkilotchilar tomonidan tanlab olindi.

Final bosqichida ishtirokchilarning ishlarini Maktabgacha ta`lim vazirligi mutasaddilari, Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi mutaxassislari, taniqli san`atkorlar, dizaynerlar hamda blogerlar baholab borishdi.

Hakamlar hay`ati baholariga asosan, birinchi o`rin 172 ball to`plagan Tohir Islomovga nasib etdi. Uning “Buyuk bolakaylar” personaji eng yaxshi ish deb topildi va muallif tashkilotchilar tomonidan 10 million so`m pul mukofotiga ega bo`ldi.

Tohir Islomov

“Barcha tarixiy shaxslar – hukmdorlar, olimlar, shoirlar, san`at namoyandalari bir paytlar bola bo`lishgan. Shundan kelib chiqib, menda ularni bog`cha yoshida aks ettirish g`oyasi paydo bo`ldi, – dedi tanlov g`olibi Tohir Islomov. – 4-5 yoshda bolalar kelajakda kim bo`lishlarini aniq bilishmaydi, biroq kelajaklarini belgilab beruvchi iqtidor va qiziqishlarini shu yoshdayoq namoyon etishadi. Shuning uchun bu tanlov bolalarni tarbiyalashda, yo`naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi”.

Ikkinchi o`rinni esa Xurshid Tursunboev egalladi. U yaratgan “Tursunboy va Qo`chqorvoy” personaji hakamlar tomonidan 152 ballga loyiq ko`rildi. Muallifga tashkilotchilar tomonidan 6 million so`m pul mukofoti topshirildi.

Tursunboy va Qo`chqorvoy

“Mening personajim – Tursunboy real hayotdan olingan. U shirinliklarni juda yaxshi ko`radi, tishlarining to`kilib tushgani ham shundan. Uning eng yaqin do`sti – Qo`chqorvoy. Lekin Qo`chqorvoy do`stining quchoqlashi, u bilan o`ynashini ko`pam yoqtirmaydi, unga o`t va em bo`lsa bo`ldi. Tanlovda ishim ikkinchi o`ringa munosib ko`rilganidan juda xursandman. O`ylaymanki, ushbu personaj bolalar uchun juda qiziqarli bo`ladi”, – dedi Xurshid.

Xurshid Tursunboev

Uchinchi o`rin Leyla Mo`minovaga nasib etdi. Uning “Anora” personaji 145 ball to`plab, 4 million so`m pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Anora

“Tanlov haqida menga onam aytdilar. O`sha kundan boshlab xayolimda har xil obrazlarni o`ylab yurdim, qog`ozga chizgilar tushirdim, – deya o`z taassurotlari bilan o`rtoqlashdi Leyla.

Leyla Mo`minova

– Dastlabki chizmalarimni o`zbek xalq ertaklaridagi personajlar tasviridan ta`sirlanib yaratdim. Lekin mening qahramonim zamonaviy, tashqi qiyofasi va ichki dunyosi bugungi bolalarga yaqin bo`lishi kerak edi, shuning uchun ishga ijodiy yondashishga qaror qildim. Qahramonim liboslarini va ismini tanlashda anor mevasidan ilhomlandim.

Tanlovga juda yaxshi asarlar topshirilgan, raqobat katta edi, men o`rin ololmasam kerak deb o`ylagandim. Bu e`tibor va g`amxo`rlik meni yangi ishlarga rag`batlantiradi”.

“Maktabgacha ta`lim vazirligi bilan ushbu yo`nalishda bir qator loyihalarni amalga oshiryapmiz, – dedi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi Axborot xizmati rahbari Hikmatilla Ubaydullaev. – “Eng yaxshi bolalar qahramoni/qahramonlar guruhi” ko`rik-tanlovi ham ana shularning biri. O`ylaymanki, bugun biz o`zbekistonlik bolalar uchun sevimli personajlar, bir-biridan chiroyli milliy qahramonlarning yaratilganiga guvoh bo`ldik. Tanlovga taqdim etilgan barcha ishlardan imkon qadar foydalanishga harakat qilamiz. Ushbu qahramonlar yaqin kelajakda multfilm, ertak va hikoya qahramoni bo`lib bolalar orasiga, ularning qalbiga kirib boradi. Ushbu loyihaga befarq bo`lmaganlardan minnatdormiz”.

Shahzoda, Ubaydullaev Xikmatilla, Ten Elena

“O`zbekistonda iste`dodli va faol yoshlar shunchalik ko`p ekanini ko`rish kishini xursand qiladi, – dedi Maktabgacha ta`lim vazirligi maktabgacha ta`lim muassasalari faoliyatini tashkil etish va strategik rivojlanish Bosh boshqarmasi boshlig`i Ten Elena. – Tanlovda har xil yosh toifasidagi odamlar, jumladan, maktab o`quvchilari, talabalar va professional mutaxassislar qatnashdi. Saralash bosqichidayoq biz iliq hissiyotlar uyg`otadigan personajlarga duch keldik. Maktabgacha ta`lim vazirligi rejalashtirayotgan ma`rifiy loyihalarga tayyor mahsulot bo`ladigan ajoyib g`oyalar uchun ishtirokchilarga minnatdorchilik bildiramiz. Yangi personajlar bolalarimiz uchun xayolot olamiga eshik ochadi, dunyoqarashini kengaytiradi”.

Deyl Ahmadi, Umid G`ofurov

Tanlov halol va adolatli o`tdi, – dedi Umid G`ofurov, hakamlar hay`ati a`zosi, Troll.uz loyihasi asoschisi. – Chindan ham munosib bo`lgan ishlarning mualliflari g`olib bo`ldi. Ushbu qahramonlar yangi media mahsulotlar uchun asos bo`lishiga, bolalarni to`g`ri tarbiyalashga xizmat qilishiga ishonamiz”.

Mana shunday muhim tadbirda hakam sifatida ishtirok etishning o`zi yoqimli, dedi hakamlar hay`ati a`zosi, xonanda Shahzoda. – Ishtirokchilarning barchasi iqtidorli va salohiyatli ijodkorlar ekaniga amin bo`ldim. Ishonchim komilki, farzandlarimiz bugun taqdim etilgan qahramonlar yordamida bilimli va vatanparvar insonlar bo`lib voyaga etadi”.

Qayd etish kerakki, tomoshabinlar e`tirofi sovriniga ovoz berish maktabgacha ta`lim muassasalarida davom etmoqda. Natijalar tez kunlarda Maktabgacha ta`lim vazirligining www.mdo.uz saytida e`lon qilinadi.

Xurshid Tursunboev

Leyla Mo`minova

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1