AsosiyDUNYO

Zelenskiy: Rossiya va Belarus yana bir davlatga hujumga tayyorlanmoqda

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Belarusni urushga yanada chuqurroq jalb qilishga urinayotgani va bu masala yuzasidan prezident Aleksandr Lukashenko bilan muzokaralar olib borilayotganini ma'lum qildi.

'Zelenskiy: Rossiya va Belarus yana bir davlatga hujumga tayyorlanmoqda'ning rasmi

Uning aytishicha, Rossiya va Belarus Belarus hududidan turib Ukrainaga yoki NATOfa aʼzo mamlakatlardan biriga qarshi yangi hujumlar tayyorlayotgan boʻlishi mumkin.

"Biz Rossiya va Belarus rahbariyati oʻrtasida nima muhokama qilinayotganini yaxshi tushunib turibmiz. Soʻnggi paytlarda rossiyaliklar oʻz faoliyatini kuchaytirdi. Ular Belarussiyani urushga yanada chuqurroq jalb qilishni va aynan shu hududdan Chernigov–Kiev yoʻnalishiga yoki chegaradosh NATO davlatlaridan biriga qarshi qoʻshimcha tajovuzkor operatsiyalarni boshlashni rejalashtirmoqda", — dedi Zelenskiy.

Prezident Ukraina mudofaa va xavfsizlik kuchlariga javob rejasini tayyorlash hamda Chernigov–Kiev yoʻnalishi himoyasini kuchaytirishni topshirganini aytdi.

Zelenskiyning taʼkidlashicha, Ukrainada Rossiyaning Kiev va boshqa shaharlarga zarba berish rejalari aks etgan hujjatlar mavjud. Ularda siyosiy va harbiy obyektlar, jumladan Bankova koʻchasidagi binolar ham nishon sifatida koʻrsatilgan.

"Moskvaʼdagi baʼzilar haligacha ukrainlar hech qachon oʻz mustaqilligidan voz kechmasligini tushunmaydi. Qanday boʻlmasin, biz oʻz yerimiz, suverenitetimiz va davlatimizdan voz kechmaymiz", — deya qoʻshimcha qildi u.

Rossiya va Belarus rasmiylari Ukraina prezidentining mazkur bayonotiga hozircha munosabat bildirmagan.

Eslatib oʻtamiz, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko 2024 yilda mamlakat urushga tayyor boʻlishi kerakligini aytgan edi. U global mojarolarni diplomatik yoʻl bilan hal qilish imkoniyatlari kamayib borayotganini taʼkidlagan. 2025 yilda esa Belarus hududida Rossiyaning "Oreshnik" raketasi jangovar navbatchilikka qoʻyilgani xabar qilingan.

    Boshqa yangiliklar