AsosiyJAMIYAT

Shavkat Mirziyoyev Qosim-Joʻmart Toʻqayevni tugʻilgan kuni bilan tabrikladi

O'zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 may kuni bo'lib o'tgan telefon muloqoti chog'ida 73 yoshni qarshi olgan Qozog'iston prezidenti Qosim-Jo'mart To'qayevni tavallud ayyomi bilan samimiy tabrikladi.

'Shavkat Mirziyoyev Qosim-Joʻmart Toʻqayevni tugʻilgan kuni bilan tabrikladi'ning rasmi

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, davlat rahbari To‘qayevga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, qardosh Qozog‘iston xalqining tinch va farovon hayoti yo‘lidagi mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat davomida Turkiy davlatlar tashkilotining Turkiston shahrida o‘tgan norasmiy sammiti yuqori darajada tayyorlangani va mazmunli muzokaralar samarali o‘tgani alohida ta’kidlandi. Qayd etilishicha, mazkur uchrashuvlar ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikka yangi sur’at bag‘ishladi.

Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik hamda ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Shuningdek, bo‘lajak hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, Hududlar rahbarlari kengashining birinchi uchrashuvi va boshqa mexanizmlar doirasida yangi iqtisodiy kun tartibini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi. Ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi ham muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, Qosim-Jo‘mart To‘qayev 1953 yil 17 may kuni Olmaota shahrida tug‘ilgan. U 2019 yil 9 iyun kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari saylovlarda 70,96 foiz ovoz bilan Qozog‘iston prezidenti etib saylangan. 2022 yil 20 noyabrdagi saylovlarda esa 81,31 foiz ovoz bilan yana g‘alaba qozongan.

    Boshqa yangiliklar