AsosiyJamiyat

“Umra – 2019“ ziyorati yana arzonlashdi

'“Umra – 2019“ ziyorati yana arzonlashdi'ning rasmi

O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita tomonidan “Umra – 2019” mavsumi bo`yicha tashkil etilgan brifingda aytilishicha, 2019 yil Umra mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi loyihasi ishlab chiqilgan va har bir ziyoratchidan olinadigan mablag` o`tgan Umra safari uchun to`lanadigan mablag` miqdoridan arzonlashtirilgan. Ya`ni, 11 million 600 ming so`mdan 11 million 450 ming so`mga tushirilgan.

Shuningdek joriy yil sentyabr oyidan boshlab Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va Umra ishlari vazirligi tomonidan har bir ziyoratchi uchun qo`shimcha 132 AQSh dollari miqdorida mablag` ajratilmoqda. Kelishuvga ko`ra, mazkur qo`shimcha mablag` Umra ziyorati uchun joriy yil noyabr oyidan boshlab tuziladigan shartnomalarda qo`shilishi belgilab olindi.

Shuningdek, Saudiya Arabistoni Podshohligidagi hamkorlar tomonidan o`zbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish ishlari nihoyasiga etgan va ular uchun barcha shart-sharoitlar hozirlab qo`yilgani ma`lum qilindi.

Jumladan, har bir ziyoratchi uchun to`lanadigan mablag` ichida Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiy vizasi, Toshkent – Jidda – Toshkent yo`nalishi bo`yicha aviachipta, Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona, taomlar, sarxil mevalar, shirinlik va salqin ichimliklar qamrab olingan. Shuningdek, 24 soatlik bepul to`liq tibbiy xizmat, mamlakatimiz ramzlari tushirilgan maxsus nimcha va sumka, Umra qo`llanmasi (kitobi), beyjik, qo`l tasmasi, vaksina, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari kiritilgan. Ziyoratchilarimiz uchun mehmonxonalarda yuqori darajadagi servis xizmati yo`lga qo`yiladi.

Brifingda Umra safari davomida ziyoratchilarimizga xizmat ko`rsatish, ularning ibodatlari mukammal bo`lishi uchun bilimli, tajribali guruh rahbarlari saralab olingani aytildi. Umra ziyorati 10 kunni tashkil etib, yurtdoshlarimiz 3 kun Madinai munavvara, 7 kun Makkai mukarrama shahrida bo`ladilar.

Umra safari davomida ziyoratchilarga o`zbekistonlik 5 nafar ishchi guruhi, 200 nafar guruh rahbari (ellikboshi) va 47 nafar shifokor xizmat ko`rsatadi.

Kirish vizasi bilan bog`liq masalalar hal etilgandan so`ng, Umra safariga otlangan birinchi guruh ziyoratchilarimizning Saudiya Arabistoniga jo`nab ketish kuni Din ishlari bo`yicha qo`mitaning rasmiy veb-sayti orqali e`lon qilinadi.

Boshqa yangiliklar