Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahliliga ko‘ra, mart oyida bozordagi yuqori faollik asosan apreldan joriy etilgan eskrou hisob-kitob tizimi bilan bog‘liq. Aprel oyining o‘zida 23,3 mingta uy-joy bitimi rasmiylashtirildi.
Hududlar kesimida
Savdolar o‘sishining eng yuqori sur’atlari Sirdaryo viloyatida qayd etildi — yanvar—aprel oylarida bitimlar soni 50 foizga oshdi. Andijon viloyatida o‘sish 42 foizni tashkil etdi. Toshkent shahrida esa yil boshidan beri uy-joy savdosi 46 foizga ko‘paydi.
Uy-joy bozoridagi faollik qurilish hajmining ortishi bilan ham bog‘liq. 2025 yil yakuniga ko‘ra, 15,9 mln kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 2,8 foizga ko‘p.
Hududlar o‘rtasida qurilish hajmida farq saqlanib qolmoqda. 2025 yilda Sirdaryo viloyatida 136,1 ming kv.m uy-joy topshirilgan bo‘lsa, Andijonda 1,33 mln kv.m, Toshkent shahrida esa qariyb 1 mln kv.m uy-joy foydalanishga topshirildi. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent viloyatida bo‘lib, bu yerda qariyb 2 mln kv.m uy-joy qurib bitkazildi. Yil oxirigacha Sirdaryoda 3,5 mingta yangi xonadon topshirilishi kutilmoqda. Umuman, 2026 yilda respublika bo‘yicha 140 mingta yangi turar joy foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Ikkilamchi bozorda narxlar
Ikkilamchi uy-joy bozorida narxlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘rtacha 8,5 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Sirdaryo viloyatida 20 foiz, Surxondaryoda 16,5 foiz va Buxoroda 16,3 foizni tashkil etdi.
2026 yil yanvar—aprel oylarida esa narxlar o‘rtacha 2,9 foizga o‘sdi. Eng yuqori o‘sish Surxondaryo (7,4 foiz), Samarqand (6,3 foiz) va Xorazm (6,2 foiz) viloyatlarida kuzatildi.
Eng qimmat uy-joy bozori hanuz Toshkent shahri bo‘lib qolmoqda — aprel oyida ikkilamchi bozorda 1 kv.m o‘rtacha narxi taxminan 1150 dollarga yetdi. Keyingi o‘rinlarda Samarqand viloyati (qariyb 900 dollar) va Toshkent viloyati (690 dollar) qayd etildi.
Toshkent shahrida narxlar
Toshkentda ikkilamchi uy-joy narxlari o‘sishda davom etmoqda. Yillik hisobda 1 kv.m o‘rtacha qiymati 6,1 foizga oshdi. Eng yuqori o‘sish Mirzo Ulug‘bek tumanida (9,2%), Mirobod (9%) va Chilonzor (8,3%) tumanlarida kuzatildi.
Birlamchi bozorda o‘sish yanada yuqori — o‘tgan yil apreliga nisbatan 8,8 foiz. Eng yuqori ko‘rsatkich Yunusobod (17,3%), Mirzo Ulug‘bek (16,8%) va Bektemir (11,3%) tumanlarida qayd etildi.
Ijara bozori
Aprel oyida Toshkentda ijaraning o‘rtacha qiymati 1 kv.m uchun 9,2 dollar bo‘ldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9,1 foiz yuqori. Eng qimmat ijara Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida — o‘rtacha 11 dollar atrofida.
Yillik o‘sish sur’atlari Yashnobod (18,2%), Bektemir (16,7%) va Yunusobod (14,3%) tumanlarida eng yuqori bo‘ldi.
Shu tariqa, poytaxtda ijara bozori uy-joy sotuv bozoriga nisbatan tezroq o‘smoqda. Bir yilda ijara narxlari o‘rtacha 9,1 foizga oshgan bo‘lsa, uy-joy narxlari umumiy indeksi 7,6 foizni tashkil etdi.






