Xabaringiz bor, kecha 18 oktyabr kuni Saudiya Arabistonida 39 nafar ziyoratchini olib ketayotgan avtobus ishtirokida yirik yo`l transport hodisasi ro`y bergani haqida ma`lumot bergan edik. Shu munosabat bilan Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti rasmiy axborot bilan chiqdi.
Ma`lum bo`lishicha, Saudiya Arabistoni OAV bergan ma`lumotlarga ko`ra 2019-yilning 16-oktyabr kuni Madina okrugining Al-Ahal tumanida 39 nafar yo`lovchisi bor avtobus ishtirokida yo`l-transport hodisasi yuz bergan. Avtobus og`ir yuk mashinasi bilan to`qnashgan.
YTH oqibatida 35 kishi vafot etdi, 4 ta yo`lovchi jarohat oldi va kasalxonaga yotqizilgan. Saudiya Arabistoni tegishli organlari va Qizil yarim oy boshqarmasining vakillari hodisa sabablari yuzasidan tekshiruvlarni boshladi.
Saudiyaning SPA axborot agentligi vafot etganlarning Saudiya Arabistonida yashovchi Osiyo va arab mamlakatlaridan kelgan ekspatriantlar ekanini xabar qildi.
O`zbekistonning Saudiya Arabistonidagi diplomatik vakolatxonalariga mazkur hodisa oqibatida vafot etganlar va jarohatlanganlar orasida O`zbekiston fuqarolari borligi to`g`risida ma`lumot kelib tushmadi.
19.10.2019 21:11