Shu kunlarda “Million”ning yangi dasturi Yutubni qaynatyapti. Konsert saviyasi haqida fikr bildirish istagim yo`q. Zero, yigitlarning bittagina qilgan ishi uchun mendan - “besh” baho! Konsertda 15 yillik tanaffusdan so`ng katta sahnada afsonaviy “Setora” paydo bo`ldi.
Xa, o`sha shlyager qo`shiqlari bilan. Tomoshabinlarning qanchalik quvonch bilan qarshilaganini ko`rdingizmi? O`ziyam birinchi marta “Million”ning konsertiga tushmaganimga afsuslandim.
Uzr-a, ularni reklama qilib qo`ygan bo`lsam. Gapning dangali hali oldinda.
Nima demoqchiman, san`atda bir chaqnab, o`zidan yorqin iz qoldirgan, so`ngra sirli tarzda g`oyib bo`lgan mashhurlar ko`p. Aytaylik, “Setora”, Bonu, Ruslan Sharipov, Doniyor Fayz va boshqalar...
Ular bugun katta sahnada bo`lmasalar-da, qo`shiqlari quloqqa chalinsa birdan tin olamiz, zavqlanamiz. Va ularni shirin xotiralar bilan eslaymiz.
Tasavvur qiling, qaniydi shu hol, shu an`ana siyosat olamida ham kuzatilsa?!
Biz o`tgan yillar davomida o`ziga berilgan 5 yillik vakolati davomida yorqin iz qoldirgan biron deputatni bilamizmi?
Xalq dardi, muammolarini aytib tilga, dilga tushgan biron deputat bormi-ki, yana qayta saylanishini intiqlik bilan kutsak!
Deputat-ki, yillar o`tsa-da, Falonchiev saylangan yillarda falon o`zgarishlar bo`lgandi deb odamlar umr bo`yi aytib yursa...
B.Sulaymon, bloger