Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatining Karmana tumanida ta`til paytida maktab o`qituvchilarini paxta terimiga jalb etilgani haqidagi ma`lumot tarqaldi.
Hozirgi vaqtda vazirlikning Huquqiy-nazorat xizmati hamda Navoiy viloyati xalq ta`limi boshqarmasi mazkur holatni o`rganmoqda, deya xabar beradi XTV matbuot kotibi.
Eslatib o`tamiz, “Yoshlarni ma`naviy-axloqiy va jismoniy barkamol etib tarbiyalash, ularga ta`lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko`tarish chora-tadbirlari to`g`risida”ga Prezidentning 2018 yil 14 avgustidagi qaroriga ko`ra, xalq ta`limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog`liq bo`lmagan ishlarga, majburiy mehnatga, shu jumladan, tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish hamda ko`kalamzorlashtirish, mavsumiy qishloq xo`jaligi hamda boshqa turdagi ishlarga jalb qilish taqiqlanadi.
Xalq ta`limi vazirligi bu kabi holatlarning oldini olish va tizim xodimlari huquqlarini himoya qilish maqsadida shikoyatlarni qabul qilishda qulay bo`lgan virtual inspektorni ishga tushirgan. Tizimdagi xodimlar majburiy mehnatga jalb etilganida, huquqlari buzilganida yoki turli to`lovlarga majburlangan holatlarda ovoz.uzedu.uz (http://ovoz.uzedu.uz/) sayti yoki +998 99 988 10 06 telefoni va telegram raqamiga murojaatlarini yuborishlari mumkin.