AsosiyJamiyat

Saylovga qo`y so`yish uchun o`qituvchilar maoshidan ushlab qolish “topshirig`i” o`rganildi

'Saylovga qo`y so`yish uchun o`qituvchilar maoshidan ushlab qolish “topshirig`i” o`rganildi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati, Yangiyo`l shahar xalq ta`limi bo`limi tasarrufidagi kamida ikkita maktabda ma`muriyat tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlarga saylov o`tkazishga stollarni bezatish, gilam solish uchun o`qituvchilar maoshidan 50 000 so`mdan olib qolinayotgani ma`lum qilingan. Ushbu holat o`rganilib, Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati tomonidan ma`lum qilindi.

Ushbu fikrlarni rad etgan holda Yangiyo`l shahar xalq ta`limi bo`limi saylov uchastkalari o`quv jarayoniga halal bermay tashkil etilayotganligi, xonalar jihozlanishida hech qanday mablag` sarflanmaganligi va maktab ma`muriyati tomonidan pul mablag`i yig`ilmaganligini ma`lum qiladi. 

Bundan tashqari, O`zbekiston Respublikasi Saylov Kodeksining “Saylovning moliyalashtirish” haqidagi 17-bob 98-, 99-, 100-moddalarida saylov jarayonini moliyalashtirish haqida aniq ma`lumot berilgan. Ya`ni saylovga tayyorgarlik ko`rish va ularni o`tkazish bilan bog`liq xarajatlar O`zbekiston Respublikasi Davlat Byudjeti mablag`lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Tashkil etilayotgan saylov xonalarining jihozlanishi, kerakli hujjatlar bilan ta`minlanishi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengash deputatlari saylovini tashkil etuvchi hamda uni o`tkazuvchi shahar komissiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda.   

Keltirilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda blogerlar o`z fikrlarini aniq ma`lumotlar asosida izohlamagan. Ayrim blogerlar Yangiyo`l shahri haqida fikr bildiryaptimi yoki Yangiyo`l tumani haqidami, aniq bilib bo`lmaydi. Maqolaning boshida Yangiyo`l shahri maktablari haqida ma`lumot berib, maqola o`rtasiga kelganda “tuman hokimligi maktablar direktorlariga noyabr boshida saylov uchun pul o`tkazib berish to`g`risida "og`zaki topshiriq" bergan”, degan mujmal dalillarni keltirmoqda. Shulardan ko`rinib turibdiki, ma`lumot noto`g`ri.

Saylovga tayyorgarlik jarayoni  Markaziy saylov komissiyalari va ularning hududdagi komissiyalari tomonidan tashkil etilmoqda. Yangiyo`l shahar Xalq ta`limi bo`limi yuqorida keltirilgan xabarni mutloq noto`g`ri ekanligini ta`kidlaydi hamda o`qituvchilardan 50000 so`mdan mablag` yig`ilgan, degan asossiz xabarni rad etadi

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar