AsosiyJamiyat

O`zbekistonda xususiy pensiya fondlari tashkil qilishga ruxsat berilishi mumkin

'O`zbekistonda xususiy pensiya fondlari tashkil qilishga ruxsat berilishi mumkin'ning rasmi

O`zbekiston hukumati pensiya islohotini jadallashtiradi. Pensiya fondlariga qimmatli qog`ozlar bozoriga investisiya yo`naltirish imkoniyati yaratiladi. Shu bilan birga, xususiy pensiya fondlarini tashkil qilishga ruxsat berilishi mumkin. Bu haqda kapital bozoriga bag`ishlangan xalqaro konferensiyasida O`zbekiston kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori Atabek Nazirov ma`lum qilgan.

Nazirovning aytishicha, kapital bozori mazkur islohotdan manfaatdor bo`lib, Moliya vazirligi bilan yaqin hamkorlikka tayyor. Kelasi yil oxirigacha fundamental qonun loyihasi tayyorlanishi kutilayapti. Hozirda eng yaxshi xorijiy tajriba o`rganilmoqda va O`zbekiston uchun eng maqbul pensiya islohoti modelini tanlash imkoniyatlari ko`rib chiqiladi.

Mutaxassislarning aytishicha, mamlakatga haqiqatan ham xususiy pensiya fondlari kerak. Sababiki, hozirgi yagona pensiya fondga oylikdan muayyan miqdorda majburiy o`tib turadi. Ammo yillar o`tib, bu pullar inflyasiya sabab hech nima bo`lmay qoladi. Xususiy pensiya fondlari paydo bo`lishi bilan ular o`rtasidagi raqobat kuchayadi, daromadli takliflar yuzaga keladi. Bu esa odamlarni kelajak uchun pul jamg`arib borishga rag`batlantiradi. Buning uchun pensiya fondlari investisiya faoliyati bilan shug`ullanishi kerak bo`ladi.

Xususiy pensiya fondlari nima degani? Har bir fuqaro keksalik davri uchun jamg`armalarini yo`naltirish masalasini mustaqil hal qiladi. Pul ko`payayotganini real vaqtda kuzatib boradi, xohlasa, mablag`larini bir fonddan olib, boshqa fondga yo`naltiradi.

Atabek Nazirovning aytishicha, davlat pensiya fondi va unga majburiy pul ajratmalari saqlanib qoladi. Ammo ishchilarda pul jamg`arishning bank depozitida pul saqlashdan boshqa yana bir qulay imkoniyati paydo bo`ladi. Bunda u o`zi tanlagan pensiya fondiga yoki pensiya hisob varaqasiga ixtiyoriy pul o`tkazishi mumkin bo`ladi. O`tkazilgan pul soliqdan ozod qilinadi. Keyin ushbu pulni qanday qilib ko`paytirish (qimmatli qog`ozlarga investisiya qilish, depozitga qo`yish, naqd ushlab turish) o`zining qo`lida bo`ladi. Ushbu jamg`armadan pulni pensiya yoshiga etmasdan turib ham chiqarib olishi mumkin bo`ladi. Faqat unda oldin ozod qilingan soliqlarni to`lab qo`yadi. 

Konferensiyada aytilgan yana bir narsa – O`zbekistonda banklarning qimmatli qog`ozlarga investisiya kiritishi masalasi bo`ldi. Dunyo qimmatli qog`ozlar bozorlarida eng yirik o`yinchilardan biri banklar hisoblanadi. O`zbekistonda banklar o`zinikidan tashqari aksiyalarning oldi-sotdisi bilan shug`ullanishi taqiqlangan. Aytishlaricha, ushbu taqiqni ham olib tashlash rejalashtirilmoqda

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Boshqa yangiliklar