Bugun internetda Samarqandlik o`qituvchi 15 kishi tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgani haqida xabar tarqaldi. darakchi.uz voqeaga aniqlik kirtish maqsadida Bosh prokuratura bilan bog`landi. Holat tezkor o`rganilib, Bosh prokuratura Matbuot xizmati tomonidan darakchi.uzga taqdim etildi.
Aniqlanishicha, 2019 yil 20 noyabr kuni soat tahminan 03.40larda Samarqand shahar Beruniy ko`chasida 1990 yilda tug`ilgan fuqaro Djurabek M. (ishchi) sheriklari 1994 yilda tug`ilgan Doniyor S. (sudlangan, haydovchi) va 1997 yilda tug`ilgan Muxammad K. (sudlangan, ishchi)lar bilan oldindan jinoiy til biriktirib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini mensimasdan, shahardagi 42-sonli umumta`lim maktab o`qituvchisi Izzatilo M. bilan hech bir sababsiz janjallashib qolgan.
Zo`ravonlar janjal vaqtida qo`l va oyoqlari bilan o`qituvchining bosh qismi va tanasining turli sohalariga bir necha marotaba qasddan urib, hayoti uchun xavfli bo`lgan tan jarohati etkazishgan. Natijada Izzatilo M. shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning ma`lumotiga ko`ra, Izzatilo M.da “og`ir yopiq KST, bosh miyaning og`ir darajali lat eyishi” tashxisi qo`yilgan.
Mazkur holat yuzasidan shu kuni Samarqand shahar IIO FMB TB tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilgan.
Shifokorlar tomonidan ko`rsatilgan muolajalarga qaramasdan 2019 yil 23 noyabr kuni Izzatilo M. jonlantirish bo`limida vafot etgan.
2019 yil 23 noyabr kuni Djurabek M., Doniyor S. va Muxammad K.lar JKning 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishida gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, prosessual tartibda ushlangan.
Jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari Samarkand viloyati prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.