Ijtimoiy tarmoqlarda yoritilgan “Samarqandlik o`qituvchi 15 kishi tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etdi” xabari tarqalgan edi.
darakchi.uz voqeaga Bosh prokuratura Matbuot xizmati yordamida aniqlik kiritgan edi.
Bu hodisaga IIV huzuridagi Tergov departamenti ushbu voqea yuzasidan qo`shimcha ma`lumotlarni taqdim etgani haqida ma`lumot bergan edik.
Ayni paytda esa Xalq ta`limi vazirligi ushbu voqea yuzasidan qo`shimcha ma`lumotlarni taqdim etdi.
Ma`lum qilinishicha, marhum o`qituvchi I.M. Samarqand shahar xalq ta`limi bo`limi tasarrufidagi 42-umumiy o`rta ta`lim maktabida 2018 yilning 3 sentyabridan buyon ishlab kelgan. U tarix fani bo`yicha rus sinflariga dars berib, joriy yilning 14 oktyabridan boshlab maktabga kelmagan.
Maktab rahbariyati tomonidan surishtirilganda I.M. sog`ligi yomonligi, davolanib, tibbiy ma`lumotnomalar bilan maktabga qaytishini bildirgan, ammo qaytmagan. Maktab direktorining o`quv ishlari bo`yicha o`rinbosari E.Shigay o`qituvchi I.M. bilan qayta telefon orqali bog`langanda esa u endilikda tadbirkorlik faoliyati bilan shug`ullanmoqchi ekanligini, maktabdan esa ishdan bo`shashini bildirgan. Shu bois o`qituvchiga ajratilgan dars soatlari tarix fani o`qituvchilari G`.Voxidov va G.Sattorovalarga yuklatilgan.






