Bosh vazir hali qish kirmasdan turib, energoresurslar ta`minotida o`ta jiddiy muammolar paydo bo`lganini hamda metro va televidenieda elektr energiyasi bilan yuz bergan noxush holatlarni keskin tanqid qildi.
Bu haqda kecha, 28 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov rahbarligida aholi va ijtimoiy soha ob`ektlarini energoresurslar — gaz va elektr energiya bilan ta`minlashdagi muammolarga bag`ishlangan videoselektor yig`ilishida gapirgan, deya xabar bermoqda «Xabar.uz».
«Bu sharmandali holat, – dedi Bosh vazir Abdulla Aripov. – Ommaviy axborot vositalari, internet nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda bu haqda aholining haqli e`tirozlari keng yoritilmoqda. Gaz va elektr energiya etkazib beruvchilar o`z ishlariga mas`uliyat bilan qarashmayapti. Mutasaddi rahbarlar shuncha salbiy holatlarga biron marta ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish yoki asosli javob bergani yo`q. Misol uchun, 27 noyabr kuni sutka davomida 110 kilovolt kuchlanishli 144ta liniyada jami 300 martadan ortiq cheklov amalga oshirilgan. Ushbu liniyalarda 1 yarim soatdan 5 soatgacha cheklov kiritilishi qanchalik adolatga to`g`ri keladi? Bu kabi holatlar natijasida aholi tomonidan nafaqat Energetika vazirligiga nisbatan, balki butun Hukumatga nisbatan e`tiroz paydo bo`lmoqda. 31 ming 413 ta holatda elektr energiyadan noqonuniy foydalanish holati aniqlangan, zarar miqdori esa 22 milliard so`mni tashkil qiladi. Gaz tarmoqlariga o`zboshimchalik bilan ulanish holatlari judayam ko`p. Natijada jabrini aholi ko`ryapti».
Bosh vazir, shuningdek, belgilangan reja asosida gaz iste`molchilarga etib bormaganini qoraladi. Energoresurslar tejamkorligiga e`tibor berilmayotgani, tushuntirish ishlari samarali bo`lmayotganini tanqid qildi.