2017 yilning oktyabr oyidan 2019 yilning avgust oyiga qadarli bo`lgan vaqt oralig`ida, Kaimova Xanifa Vaxabjan fuqarolarga o`zini “Artel” kompaniyasining Andijon shahar hududidagi dileri ekanligini aytib odamlarni chuv tushirgan. Bu haqda darakchi.uz Bosh prokuraturaning Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi ma`lum qildi.
Firibgar yangi qurilayotgan shifoxona, mehmonxona va boshqa xizmat ko`rsatish shahobchalariga kondisionerlar, televizorlar, muzlatkichlar ta`minoti bilan shug`ullanayotganligini, tadbirkorligini rivojlantirish uchun pul mablag`i etmayotganligini aytib aldov yo`li bilan fuqarolardan pul undiradi. Jami 8 nafar fuqarodan 931.141.584 so`mni firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritib, shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan X.Kaimovaga nisbatan 13.11.2019 yilda O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan qo`zg`atilgan.
Shuncha ishni qilib qo`ygani etmagandek, dastlabki tergovga kelishdan ham bo`yin tovlaydi. 21.11.2019 yil kuni X.Kaimova dastlabki tergov organiga kelishdan bo`yin tovlaganligi, u tomonidan sodir etilgan jinoyat o`ta og`ir turdagi jinoyatlar turkumiga kirganligi, jinoyat ishi bo`yicha 8 nafar fuqaroga moddiy zarar etkazilib, moddiy zarar qoplanmaganligi sababli, X.Kaimovaga nisbatan sirtdan ayblov e`lon qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llash haqida viloyat prokuraturasiga iltimosnoma kiritilgan. Va unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi extiyot chorasini qo`llash haqida 23.11.2019 yilda ajrim chiqarilgan.
Jinoyat ishi bo`yicha X.Kaimovaga nisbatan qidiruv yig`ma jildi yuritish uchun qidiruv e`lon qilish qarori va to`plangan hujjatlar JQBga yuborilgan.
Internetning “Fasebook” ijtimoiy tarmog`ida tarqalgan Qurbonov Sardorni murojaatida, viloyat prokuraturasi 16-bo`lim o`rinbosari tomonidan “zakaz” asosida X.Kaimovaga sirtdan ayblov e`lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilganligi va qidiruv e`lon qilinganligi ko`rsatilgan bo`lsa-da, jinoyat ishi bo`yicha X.Kaimova dastlabki tergovga kelmaganligi, moddiy zarar qoplanmaganligi va u tomonidan sodir etilgan jinoyat o`ta og`ir turdagi jinoyat hisoblanganligi sababli tergovchi M.Axmadjonov tomonidan hech qanday bosimlarsiz viloyat prokuraturasiga iltimosnoma kiritilgan.
Hozirda mazkur jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.