Qo`shko`pirda fuqarolarning 31 500 AQSh dollarini qo`lga kiritgan firibgarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atildi. Bu haqda Darakchi.uz nashriga O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo`limi boshlig`i Hayot Shamsutdinov xabar berdi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qo`shko`pir tuman bo`limi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, fuqaro Sh.I. noqonuniy daromad orttirish maqsadida fuqarolar B.B. va I.S.larning ishonchiga kirib ularni aldab, 10 kun muddat ichida “Lasetti” rusumli avtomashina olib berish evaziga B.B.ning 11 000 AQSh dollarini, turmush o`rtog`ining nomida bo`lgan “Maz fura” yuk mashinasining yarim pulini bersa, kelgusida ushbu avtomashina orqali ishlab topilgan daromadining yarmini berib borish evaziga I.S. ning 20 500 AQSh dollarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritib, o`z ehtiyojlari uchun sarflab yuborganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Sh.I.ga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.