Xabaringiz bor, internet tarmog`ida 1 dekabr kuni Toshkent viloyati, Qibray tumanida bir oilaning 16 nafar a`zosi is gazidan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgani, jabrlanganlarning 11 nafari bolalar ekanligi haqidagi xabar tarqatildi. Bu bo`yicha Tergov departamentining ham rasmiy ma`lumoti taqdim etildi.
Ushbu xabardagi ma`lumotlar yuzasidan, «Hududgazta`minot» AJ va «Hududgaz Toshkent» MChJning «Qibraytumangaz» filiali xodimlari xabarda e`lon qilingan, Qibray tumani, «Alisherobod» mahalla fuqarolar yig`ini «Yangi tong» ko`chasida joylashgan xonadonga vaziyatni o`rganish uchun zudlik bilan etib borishdi. Mutaxassislar tomonidan xonadondagi barcha gaz jihozlari va quvurlari qat`iy nazoratdan o`tkazilganda, xonadaonda gaz sizib chiqishi va is gazidan zaharlanish holatlariga olib keluvchi sabablar mavjud emasligi aniqlandi. Faqat, xonadonga o`rnatilgan isitish moslamasining joylashuvi tasdiqlangan texnik rejaga zid ravishda, o`zboshimchalik bilan o`zgartirib olingani aniqlanib, darhol gaz ta`minotidan uzildi. Xonadon egasi o`zi istiqomat qiluvchi hududda gaz ta`minotida uzilishlar bo`lmaganligi va gaz ta`minoti korxonasiga hech qanday e`tirozi yo`qligini ma`lum qildi.
Surishtiruvlar natijasida, voqea aslida bir kun avval mehmondorchilik uchun xonadonga kelgan qarindoshlarning qo`lbola konserva maxsulotlarini iste`mol qilishi natijasida 7 fuqaro jumladan, ikki ayol va 5 ta bola oziq-ovqatdan zaharlanib shifoxonaga yotqizilgani aniqlandi.
“Ommaviy axborot vositalar va internet nashrlardan bunday baxtsiz holatlar, ayniqsa inson hayoti hamda salomatligi bilan bog`liq ko`ngilsiz xabarlarni tarqatishda holatni o`rganib, rasmiy va aniq ma`lumotlar asosida e`lon qilishlarini, gaz iste`molchilaridan esa xonadon va boshqa binolardagi gaz anjomlarida gaz sizib chiqish holatlari bor yoki yo`qligiga muntazam e`tiborli bo`lishlarini hamda ulardan foydalanishda xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilishlarini so`raymiz”, — deyiladi «Hududgazta`minot» AJ rasmiy xabarida