Farg`ona tumanida noqonuniy valyuta savdosi bilan shug`ullangan shaxslarga sud tegishli jazo tayinladi.
Hozirgi vaqtda respublikamiz bank-moliya sohasida o`tkazilayotgan islohotlar samarasi o`laroq, xorijiy valyutalarni ayirboshlash va konvertasiya qilish masalalari hal etilgan bo`lishiga qaramay, afsuski, chet el valyutalarining noqonuniy savdosi bilan shug`ullanuvchi fuqarolar hamon uchrab turibdi. Bu turdagi jinoyatlarga qarshi kurashish borasida huquq-tartibot idoralari tomonidan qat`iy choralar ko`rilmoqda.
S.O. va Sh.A. oldindan til biriktirib, 2019 yil 20 may kuni Farg`ona tumani Vodil qishlog`ida ko`p miqdordagi valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda “xaridor”ga o`tkazmoqchi bo`ldi. Maxsus xaridorga O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan har bir dollari 8.458 so`m 16 tiyin bo`lgan qiymati25.374.480 so`mlik 3000 AQSh dollarini har bir dollarini 8.550 so`mdan jami 25.650.000 o`tkazishga kelishib, pullarni o`tkazishgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan. 3 ming AQSh dollari miqdoridagi valyuta qimmatliklari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Shuningdek, tadbir davomida E.R. nomida bo`lgan va uning boshqaruvidagi Damas rusumli avtomashinadan 500 AQSh dollari mavjudligi aniqlanib, S.O. va Sh.A.dan jami 500 AQSh dollari miqdoridagi valyuta qimmatliklari ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Mazkur jinoyat ishi “Dilkusho” mahalla fuqarolar yig`inida bo`lib o`tgan sayyor sud majlisida ko`rib chiqildi. Xorijiy valyutani noqonuniy oldi-sotdi qilgan S. O. va Sh. A.ga jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudi tomonidan tegishli jazo tayinlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan pullar davlat foydasiga musodara qilindi.
Farruhbek Abduraimov,
Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona tuman sudi raisi