11 dekabr kuni Nukus shahrida ham Prezident maktabining tantanali ochilish marosimi bo`lib o`tdi.
Maktab 168 o`rinli bo`lib, 2 qavatli o`quv binosi, oshxona, 3 qavatli yotoqxona, xorijlik o`qituvchilar uchun 15 o`rinli mehmonxona mavjud. Har bir sinf xonada interaktiv doska va tablolar, Science xonalarida alohida laboratoriya xonalari mavjud.
Joriy yilda mazkur maktabning 5-10 sinflariga hujjat topshirgan 7,5 ming nafardan ziyod o`quvchidan 144 nafari qabul qilindi. Kelasi o`quv yilidan boshlab, har yili 5-sinfga 24 nafar o`quvchi qabul qilinadi.
Prezident maktabida darslar Kembrij universiteti ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o`quv reja va dasturlari asosida olib boriladi. Maktabga 8 nafar xorijiy yuqori malakali mutaxassis hamda 23 nafar mahalliy o`qituvchi jalb qilingan. Ular ham xalqaro ta`lim talablari asosida maxsus imtihonlar orqali tanlab olingan.
Maktab zamonaviy uslubda, jahon standartlariga muvofiq tarzda yuksak did bilan qurilgan. Ilm maskani markazida kattagina kutubxona bor. Ushbu kutubxona kelajak avlodning puxta bilim olishida asqotadigan tarzda kitob fondiga ega bo`lishi tabiiy.Prezident maktablarida o`quv jarayoni "STEAM – ta`lim”dasturi (Science – tabiiy fanlar, Technology — texnologiyalar, Engineering — texnik ijodkorlik, Art — san`at, Mathematics — matematika) bo`yicha olib boriladi, bu esa iqtidorli yoshlarning fikrlash qobiliyati, iroda, ijodiy salohiyati, moslashuvchanligini rivojlantirishga imkon beradi. Ushbu yo`nalishdagi darslar to`liq ingliz tilida olib boriladi. Ayni paytda maktab "STEAM”metodologiyasi bo`yicha darslik va o`quv qo`llanmalar bilan ta`minlangan.
Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega bo`ladi. Bu xorijiy oliy o`quv yurtlariga kirish imkonini beradi.
Shuningdek, Prezident maktabi internat sifatida faoliyat ko`rsatadi. O`quvchilar haftaning 5 kunida maktab hududida ham o`qib, ham yashaydi. Dam olish kunlari esa ota-onasi bag`rida bo`ladi. Mazkur dargohning boshqa maktablardan yana bir ustun tomoni shundaki, ta`lim olayotgan o`quvchilar maktab formasi, o`quv qurollari, oziq-ovqat bilan to`liq bepul ta`minlanadi.
Avvalroq Prezident maktabi Xorazm viloyati hamda Namanganda faoliyat boshlagani haqida xabar bergandik.






