Loyihaga 80 million evrodan ortiq investisiya jalb etildi. Ushbu tog` kurorti 892 gektar maydonni egallagan va 580 o`ringa mo`ljallangan. Qurilish ishlariga Italiya, Germaniya, Avstriya, Argentina, Ispaniya, Daniya kabi davlatlardan etakchi kompaniya mutaxassislari jalb etildi. Qisqa muddat –
2 yilda turizm, dam olish, qishki sport maskani barpo etishga erishildi. Loyihaning birinchi bosqichi 2019 yilning IV choragida, ikkinchi bosqichi 2022 yilning III bosqichida yakunlanishi rejaga kiritilgan.

Turizm rivoji, ayniqsa yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijiy sayyohlar oqimini kengaytirishda xavfsiz turizmni ta`minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

IIV xabariga ko`ra Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi xodimlari, hududga tashrif buyuruvchi ichki va tashqi turistlarning xavfsizligini ta`minlash, ularning hayoti, sog`lig`i va mol-mulkini himoya qilish barobarida maroqli dam olishlarida ko`makchi bo`lishmoqda.

“Amirsoy” tog`-chang`i kurortida ham Toshkent viloyati IIBB Xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmasi xodimlari tomonidan, qariyb 2 ming 500 nafar tashrif buyuruvchi, shu jumladan 100 dan ortiq xorijiy turist va mehmonlarning xavfsizligi to`liq ta`minlandi.

Shuningdek, 40 nafar volontyorlar jalb etilib, ular bilan birgalikda fuqarolar, shu jumladan chet el sayyohlari xavfsiz va maroqli hordiq olishlari uchun xizmat qildilar. Ushbu maskanning rasmiy ochilish marosimida 60 dan ortiq mahalliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdi.

Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumanidagi ushbu maskan Markaziy Osiyodagi eng yirik kurort bo`lishi va turistlar oqimini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.






