G`ijduvon tumani Buktaroy mahallasida ro`yxatda turib, Buxoro shahar Gazli shoh ko`chasidagi xonadonlardan birida vaqtincha yashovchi, 1992 yilda tug`ilgan, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan fuqaro S.O` 2019 yil avgust oyi boshlarida o`zganing mulkini qo`lga kiritish maqsadida fuqaro S.Sh.ning ishonchiga kirgan. Unga o`zini DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimi deb tanishtirib, 500 AQSh dollari evaziga Qorako`l tumanidagi “Qandim” zavodiga ishga kiritishini va`da qilgan. Buxoro shahridagi “Chevar” maishiy xizmat uyi oldida S.Sh.dan 500 AQSh dollarini qo`lga kiritib, ushbu pullarni o`z ehtiyojlari uchun sarflagan holda firibgarlik jinoyatini sodir qilganligi aniqlandi. Bu G`ijduvon tumani IIO FMB xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbirlar davomida fosh bo`ldi.
Shuningdek, fuqaro S.O` o`zining jinoiy hatti-harakatlarini davom ettirib, 2019 yil noyabr oyi boshlarida fuqaro U.Sh.ning ishonchiga kirib, unga ham o`zini DXX Buxoro viloyati boshqarmasi xodimi deb tanishtirib, 500 AQSh dollari evaziga Qorako`l tumanidagi “Qandim” zavodiga ishga kiritishini va`da qilib, aldab, ishonchini suiiste`mol qilgan holda 400 AQSh dollari, xuddi shu tarzda fuqaro U.Q.dan 2.850.000 so`m naqd pullarini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritgan.
O`tkazilgan tadbir davomida fuqaro S.O` ashyoviy dalillar bilan qo`lga olingan. Undan DXX yozuvli soxta guvohnoma, fuqarolarning pasport nusxalari hujjatlashtirib olingan. Dastlabki ma`lumotlarga ko`ra S.O`.ning firibgarligi qurboniga aylanganlar soni 10 nafardan ortishi taxmin qilinmoqda.
Mazkur holat yuzasidan fuqaro S.O`.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi tegishli qism va bandlari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, JPK 221-moddasi tartibida ushlangan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati






