O`zbekiston Respublikasi Oila kodeksiga ko`ra, ota-ona voyaga etmagan bolalariga ta`minot berishi shart.
Voyaga etmagan bolalariga ta`minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota (ona)dan sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug`iga asosan aliment undiriladi.
Voyaga etmagan bolalarga aliment to`lash haqida ota-ona o`rtasida kelishuv bo`lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to`lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to`g`risida sudga da`vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda, vasiylik va homiylik organlari voyaga etmagan bolaning ta`minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to`g`risida da`vo qo`zg`atishga haqlidir.
O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 474-moddasida (voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxslarni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash),moddiy yordamga muhtoj bo`lgan voyaga etmagan yoki mehnatga layoqatsiz shaxsni moddiy ta`minlashdan bo`yin tovlash, ya`ni ularni moddiy jihatdan ta`minlash uchun sudning hal qiluv qaroriga yoki sud buyrug`iga binoan undirilishi lozim bo`lgan mablag`ni jami bo`lib ikki oydan ortiq muddat mobaynida to`lamaslik- o`n besh sutka muddatga ma`muriy qamoqqa olishga yoki ushbu Kodeksga muvofiq ma`muriy qamoq qo`llanilishi mumkin bo`lmagan shaxslarga eng kam ish haqining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo`lishi, mazkur moddaning 2-qismida, birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs, agar u ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ishni ko`rish jarayonida aliment majburiyatlari bo`yicha qarzdorlikni ixtiyoriy ravishda to`lagan bo`lsa, javobgarlikdan ozod etilishi belgilab qo`yilgan.
Fuqaro A.Shokirov (ismi shariflari o`zgartirilgan) fuqarolik ishlari bo`yicha Farg`ona tumanlararo sudining 2005 yil 11 iyundagi sud buyrug`iga asosan bir nafar voyaga etmagan farzandining moddiy ta`minoti uchun A.Shokirova foydasiga har oylik ish haqqi va daromadining hamma turidan 1/4 qismi miqdorida, ammo eng kam oylik ish haqining 1/3 qismidan kam bo`lmagan miqdorda aliment undirilishi belgilangan bo`lsada, A.Shokirova 2014 yildan 2019 yilga qadar jami 25.889.764 so`m aliment pullarini to`lashdan bo`yin tovlab kelgan.
Mazkur ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risidagi ish Quvasoy shahar ma`muriy sudi tomonidan ko`rib chiqilib, huquqbuzar A.Shokirov 25.889.764 so`m aliment qarzdorligini sud davrida undiruvchi foydasiga to`liq qoplagani sababli sudning 2019 yil 6 dekabrdagi qarori bilan A.Shokirovga nisbatan yuritilgan ma`muriy ish O`zbekiston Respublikasi MJtKning 271-moddasi 10-bandiga asosan tugatilgan.
Ma`lumot o`rnida shuni ta`kidlash lozimki, Farg`ona viloyat, tuman (shahar) ma`muriy sudlari tomonidan 2019 yilning 11 oyi davomida 88 nafar fuqarolar aliment qarzdorligini sud davrida qoplaganligi sababli ularga oid ishlar tugatilgan.
Muzaffarjon Maraximov
Farg`ona viloyat ma`muriy
sudining sudyasi
Maxkamjon Abdubannabov
Quvasoy shahar ma`muriy
sudining raisi






