“Facebook” va “Telegram” ijtimoiy tarmog`idagi kanallarda fuqaro I.Nazarovning boshsiz murdasi topilganligi holati bo`yicha e`lon qilingan xabarlar yuzasidan Andijon viloyati prokuraturasi bayonot berdi.
Andijon tumani, Beshbo`ynoq MFY, Beshbo`ynoq ko`chasi, 378-uyda yashovchi, 1976 yilda tug`ilgan fuqaro Nazarov Ibratjon Ikromovichning murdasi “Qoradaryo” daryosining Oltinko`l tumani, Madaniy mehnat-2 MFY hududidan oqib o`tuvchi qismidan boshsiz holatda qotillik alomatlari bilan topilgan.
Mazkur holat bo`yicha to`plangan hujjatlar asosida joriy yilning 16 dekabr kuni Andijon tumani prokurori tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Shu kunning o`zida jinoyat ishi viloyat prokuraturasining o`ta og`ir jinoyatlarni tergov qilish bo`limi tomonidan ish yurituvga olinib, dastlabki tergov harakatlari olib borishga kirishilgan.
I.Nazarovning o`limi sabablarini, uning tanasidagi tan jarohatlarining og`irlik darajasini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlanib, dastlabki ma`lumotnomasi olingan va ish hujjatlariga qo`shilgan. Jinoyat ishi doirasida sudga oid biologik ekspertiza, sudga oid fizik-texnika ekspertizalari tayinlangan.
Bundan tashqari, tergov harakatlari davomida I.Nazarovning jasadi topilgan “Qoradaryo” daryosining Oltinko`l tumani, Madaniy mehnat-2 MFY hududidan 1,5-2,0 km. yuqori oqimidan noma`lum shaxsga tegishli bo`lgan odam bosh suyagi topilib, bu bo`yicha ham sud-tibbiy ekaspertizasi tayinlangan.
Hozirda jinoyat ishi bo`yicha dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.






