24 dekabr kuni O`zbekiston Oliy Majlis Senati Kengashining kengaytirilgan yig`ilishi bo`lib o`tdi. Unda umumiy ovqatlanish korxonalari va ta`lim tizimida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligiga oid qonun hujjatlarini o`rganish natijalari, so`nggi vaqtlarda tobora ortib borayotgan ovqatdan ommaviy zaharlanish holatlari muhokama qilindi.
“Darakchi” muxbirining xabariga ko`ra, yig`ilishda Senat Raisi Tanzila Narbaeva Sog`liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi direktori Bahrom Almatov axborotidan qoniqmagan. Hamda Senat Kengashining kun tartibiga kiritilgan asosiy masala bevosita Sog`liqni saqlash vazirligiga bog`liq bo`lsa-da, ammo vazirning o`zi ham, uning o`rinbosari ham majlisda ishtirok etmagani, masalaga sovuqqon munosabatda bo`lgani uchun vazirni tanqid qilgan, majlisga kelmagani uchun tushuntirish xati yozishini aytgan.
“Sog`liqni saqlash vaziri va uning o`rinbosarining masalaga munosabati shumi? Shuning uchun ham hamma joyda odamlar ovqatdan zaharlanib, 50 foizdan ortiq bolalar kamqonlik kasaliga chalinmoqda. Sog`liqni saqlash vazirining esa bu bilan ishi yo`q. Odam o`lsa o`lib, zaharlansa zaharlanib yotibdi, kamqon bolalar tug`ilyapti. Lekin bularda hech qanday mas`uliyat yo`q. Aslida bu Sog`liqni saqlash vazirligining masalasi. Qanday qilib bunday sovuqqonlik bilan yondashish mumkin, bilmayman. Davlat miqyosida tashkil etilgan Agentlikning ahvoli ham mana, kelib, ma`ruza o`qib beryapti. Odam qanday qilib ovqatdan zaharlanishini aytib beryapti — bizga bu nimaga kerak?
Agentlik ertaga qanday natija beradi? Prezidentimiz bekorga bittasini Vazirlar Mahkamasi huzurida, yana birini Sog`liqni saqlash huzurida tashkil qilmadi. Bu muammolarni keskin to`xtatish uchun qilindi. Lekin bizda o`zgarish bo`layotgani yo`q, muammolar davom etyapti. Kasallar, ularning murojaatlari, qayd etilganlari OAVga chiqib ketyapti. Ovqatdan zaharlanganlari qancha?
Aslida bu muammolarni jurnalistlar emas, sizlar bong urib, ko`tarib chiqishingiz kerak. Sizlar esa ko`tarib chiqmayapsizlar, mana, majlisga munosabat! Sog`liqni saqlash vaziri nima uchun bugungi majlisga o`zi va o`rinbosarlari kelmagani haqida tushuntirish xati yozib bersin”, - dedi Tanzila Narbaeva.
Senat Raisi bu masala hech qachon parlament nazoratidan olinmasligini, u to`liq hal bo`lmagunicha manfaatdor idoralarga halovat yo`qligini alohida ta`kidladi.