Energetika vazirligi va “O`zbekneftgaz” AJ tashabbusi bilan “Quvvat” multfilmining Yangi yilga bag`ishlangan soni bolajonlar e`tiboriga havola etildi, deya xabar berdi O`zA.
Mazkur multfilmni yaratishdan maqsad bolajonlarga suv, elektr energiyasi va gazni tejab ishlatishga yoshligidanoq ko`nikma hosil qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Serial voqeasi shunday: qahramonlar Tohir va Zuhra bu gal Yangi yilni kutishga tayyorlanmoqda. Hali kichik bo`lishiga qaramay, bolalar ushbu muhim bayramga qanday tayyorgarlik ko`rish kerakligini yaxshi bilishadi. Ular Yangi yilga pirog pishirish, uyni yig`ishtirish va archani yasatishga kirishib ketdi.
Biroq ular rejalarini amalga oshirishga suv, elektr energiyasi va gaz ta`minoti bilan bog`liq ayrim muammolar xalaqit beradi. Bu voqea esa tushda sodir bo`ladi. Muammolar nima sababdan paydo bo`lganligini bolalarga ularning bilimdon do`sti – robot Quvvat tushuntirib beradi. U bolalarga suv va tabiiy gaz kabi tabiiy resurslar, shuningdek, elektr energiyasini tejash, ulardan tejamkorlik bilan foydalanish zarurligini tushuntiradi. Elektr energiyasi, suv va elektr energiyasidan samarasiz foydalanish vaqtinchalik uzilishlarga olib keladi...
Quvvat bolalarga avvalgi seriyalarda nimalarni o`rgatganligini eslatadi. Masalan, gazdan faqat taom pishirish uchun foydalanilmaydi, balki elektr energiya ham gazdan foydalanib ishlaydigan IES da ishlab chiqariladi. Yurtimizda atom elektr stansiyasini qurish ishlari boshlangan. Uning faoliyati uchun tabiiy gaz talab qilinmaydi. Bundan tashqari, gazdan avtotransport, isitish batareyalariga issiq suv uzatishda foydalaniladi. Gaz tejab ishlatilmasa, ko`plab muammolar vujudga kelishi mumkin.
Shu tariqa, asar qahramonlari Quvvatning saboqlarini yaxshi o`zlashtirib oladi. Endi ularning uyida muammolar hal bo`ldi: rang-barang chiroqlari yonib turgan archa ko`zlarni quvontiradi, pishayotgan pirogning mazali hidi taralmoqda, uy saranjom qilingan. Muhimi, ular kichik tomoshabinlarni suv, gaz va elektr energiyasi kabi qulayliklardan oqilona foydalanishga chorlaydi.






