Buxoro viloyati Qorovulbozor tumanida “Abdulloh ibn Muborak” jome masjidi ro`yxatdan o`tkazilib, faoliyat yurita boshladi.
Qorovulbozor tumanida shu vaqtgacha masjid yo`q edi. Bugungi kunda tumanda 19 000 aholi istiqomat qiladi. Aholining ko`p qismi jamoat namozlarini ado etish uchun tumandan 50 km masofada joylashgan Kogon tumanidagi masjidlarga qatnar edi.
Aholining bir necha bor qilgan murojaatlari inobatga olinib, mahalliy hokimlik tomonidan masjid qurilishi uchun “Tinchlik” mahallasi hududidan er ajratildi.
Xalq hashari yo`li bilan bu joyda zamon talablariga javob beradigan va namozxonlar uchun qulay sharoitlarga ega 450-500 kishilik sig`imga ega bo`lgan masjid qurildi. Tegishli hujjatlar tayyorlanib, viloyat adliya boshqarmasidan davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi haqida guvohnoma olindi. Masjidga islom olamidagi ulug` tobeinlardan biri “Abdulloh ibn Muborak” nomi berildi.
Shu bilan O`zbekistondagi masjidlar soni 2066 taga etdi. Eslatib o`tamiz, joriy yilning o`zida 10 ta yangi masjid ochilib, faoliyat yurita boshladi.






