O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston Respublikasi xalq shoiri, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi Erkin Vohidov 1936 yil 28 dekabrda Farg`ona viloyati Oltiariq tumanida tug`ilgan.
Zamonaviy o`zbek milliy adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri Erkin Vohidov Toshkent davlat universitetining (hozirgi O`zMU) filologiya fakultetini tugatgan. U mamlakatimizdagi markaziy nashrlarda, ijodiy jamoalarda faoliyat olib borgan. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Xalqaro aloqalar va munosabatlar qo`mitasi rahbari, O`zbekiston Senati a`zosi sifatida faoliyat yuritgan.
Erkin Vohidov ijodida g`azal, qasida, muxammas kabi janrlarga qo`l urib, mumtoz adabiyot tajribalarini yanada boyitish, yanada mukammallashtirishga intildi. Uning juda ko`plab ijodiy ishlari, kitoblari, xususan, to`rt jildlik “Saylanma asarlar” i, “Orzuli dunyo”, “Tabassum”, “Yangi she`rlar” she`riy to`plamlari adabiyot muxlislari uchun bebaho tuhfadir.
Xalqimizning sevimli ijodkori Erkin Vohidov 2016 yil olamdan o`tdi. Uning adabiyotimiz va ma`naviyatimizni yuksaltirish, yoshlarimizni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga qaratilgan asarlari, shuningdek, mustaqilligimizni yanada mustahkamlash yo`lidagi faol xizmatlarini xalqimiz hech qachon unutmaydi.
Davlatimiz rahbarining 2016 yil 7 dekabrdagi “O`zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov tavalludining 80 yilligini nishonlash to`g`risida”gi qarori asosida adib ijodiy merosini o`rganish va uni yoshlarga etkazish yo`lida qator ishlar amalga oshirildi. Marg`ilon shahrida ijodkorlar bog`i tashkil etilib, Erkin Vohidovning haykali o`rnatildi va memorial muzeyi bunyod etildi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 maydagi qarori bilan Marg`ilon shahrida Erkin Vohidov nomidagi ona tili va adabiyoti fanini chuqur o`qitishga hamda xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat tashkil etildi.
manba: O`zA