1

Xatirchida dardi tutib katta yo`lga chiqqan ayol inspektor yordami bilan bolasini qo`liga sog`-omon oldi

Jamiyat 28.12.2019, 21:50
Xatirchida dardi tutib katta yo`lga chiqqan ayol inspektor yordami bilan bolasini qo`liga sog`-omon oldi

Yarim tun. Qishloqqa sokinlik cho`kkan. Ammo uylarning birida chiroq o`chmadi bu kecha. U yoqdan, bu yoqqa behalovat yurayotgan ayol ingragan ko`yi ko`chaga chiqdi. Hali tong yorishishiga ancha bor. Aksiga olib, turmush o`rtog`i viloyat markaziga ishga ketgandi. Buning ustiga, qo`shni uyda ham chiroq ko`rinmasdi. Ayol dodlab yubormaslik uchun labini qattiq tishladi. Katta ko`chaga chiqib olsa bo`ldi, u yog`iga biror yo`lovchi mashina uchrab qolsa, ajabmas. Shu ilinjda arang qadam bosarkan, ahvoli battar og`irlashdi. Har doim bir zumda etib oladigan bekat shu topda juda olis tuyuldi. Bir amallab katta yo`lga chiqdi-yu, behol o`tirib qoldi. To`lg`oq azobida titrab nola qilayotgan ayol harchand urinmasin, o`rnidan turolmasdi.

– Yordam... Yordam bering­lar!!!

 Uning nolasi tun sukunatini buzdi. Profilaktika katta inspektorining jamoat tartibini saqlash bo`yicha yordamchisi Sobir Eshnazarov o`sha tunda «Jamoatchilik nazorat maskani»da navbatchilik qilayotgan edi.

 – Tungi soat 3.30 lar chamasi ayol kishining chinqirig`i qulog`imga chalindi, – deydi u. – Tashqariga chiqib, atrofni kuzatdim. Shunda yo`lning ustida dodlab yotgan ayolga ko`zim tushdi. Qarasam, ahvoli og`ir. Darhol «Tez yordam»ga qo`ng`iroq qildim. Ammo tuman markazidan «Tez yordam» etib kelgunicha 15–20 daqiqa vaqt kerak edi.

 Ayol farzandini dunyoga keltirarkan, hayot va o`lim orasida turadi, deyishadi. Ikki yo`l o`rtasida turgan jonsarak ayolga yordam kerakligini his qilgan yigit uni bir amallab katta ko`chadan chetroqqa oldi. O`zining ustki kiyimini echib, ayolning tagiga to`sharkan, «Opa, biroz sabr qiling, shifokorlar kelyapti», deya taskin berishga urindi. Ammo to`lg`oq dardida ing­rayotgan ayolning ahvoli tobora og`irlashib borardi. Sobirjon ortiq chidab turolmadi. Darhol uyali telefoni orqali shifokorlar bilan bog`lanib, vaziyatni tushuntirdi. Ularning ko`rsatmasi bo`yicha ayolga qo`lidan kelgancha yordam bera boshladi. Nihoyat chaqaloqning ojizgina yig`isi eshitildi. Sobir egnidagi ko`ylagini echib, go`dakni o`rab olarkan, olisdan «Tez yordam» mashinasining chiroqlari ko`rindi...

– To`lg`oq tutayotgan ayolga o`z vaqtida zarur yordam ko`rsatilmaganida, ona va bolaning hayotini saqlab qolish mushkul bo`lardi, – deydi Xatirchi tuman shifoxonasi tug`uruqxona bo`limi navbatchi shifokori R. Eliev. – Profilaktika katta inspektori yordamchisining fidoyiligi tufayli ona ham, chaqaloq ham ayni payt­da sog`-salomat.

– Sobir harakatchan, mehnatkash yigit. U faoliyatini boshlaganiga olti oy bo`ldi, – deydi tuman IIB boshlig`ining yoshlar masalalari bo`yicha o`rinbosari, podpolkovnik Shuhratjon Ismatov. – Shu vaqt ichida namunali xizmatlari uchun rahbariyat tomonidan ikki marta rag`batlantirilgan. U o`ziga yuklatilgan har bir vazifaga mas`uliyat bilan yondashadi. O`sha tunda Sobir «Tez yordam»ni chaqirdim, bo`ldi-da» qabilida ish tutganida, ehtimol, vaziyat boshqacha tus olishi ham mumkin edi.

Yoshlik – orzular fasli. Bugun katta maqsadlarni ko`zlab yashayotgan, endigina 23 yoshni qarshilagan qahramonimiz hamisha profilaktika inspektorining yonida. Har bir ishda hamkor, hamqadam, desak mubolag`a bo`lmaydi.

– To`rt farzandim bor: uch o`g`il, bir qiz. Sobirjon farzandlarimning kenjasi. Uni yangi yilning yozida uylantirishni niyat qilib turibmiz, – deydi 35 yillik ish tajribasiga ega pedagog, jismoniy tarbiya fani o`qituvchisi Eshnazar Uralov.

– Bizning sohada aksariyat hollarda vaqt bilan hisoblashmay ishlashga to`g`ri keladi, – deydi Xatirchi tumani IIB HPG profilaktika katta inspektori, kapitan Nurbek Ochilov. – Sobir ertayu kech biz bilan birga. Ayrim hollarda oilaviy nizolar yoki qo`ni-qo`shnilar o`rtasida biror kelishmovchilik chiqib qolsa, yosh bo`lishiga qaramay vaziyatni yumshatib, kelishmovchilikni bartaraf etishga harakat qiladi. Jamoat ishlarida faol. Birgalikdagi sa`y-­harakatlarimiz tufayli hududimiz tinch, osoyishta. Keyingi ikki-uch yil ichida birorta ham jinoyat sodir etilmagan.

Ezgulik, yaxshilik yo`lida kunni tunga, tunni esa tong­ga ulab xizmat qilayotgan osoyishtalik posbonlarining mehnati sermashaqqat. Shu bois hammaning ham ko`nglida havas bo`lsa-da, bu kasb mas`uliyatini bo`yniga olishga ko`pchilikning jur`ati etmaydi. E`tirof etish joizki, S. Eshnazarov bu mas`uliyatni sharaf deb biladi. Tinib-tinchimas, jonkuyar yigitning sidqidildan amalga oshirayotgan xayrli ishlari shundan dalolatdir. Mazkur maqolani tayyorlash jarayonida birinchi farzandini dunyoga keltirgan ona – Feruza Fayzieva bilan ham suhbatlashdik.

– Yarim tun emasmi, yordam so`rab baqirsam-da hech kim eshitmasdi. Bir mahal olisdan yugurib kelayotgan odamga ko`zim tushdi. Bu menga va bolamga Xudoning marhamati deb o`yladim...

Feruza chaqalog`ini mehr bilan bag`riga bosarkan, qalbidagi shukronalik, minnatdorlik tuyg`ulari tiliga ko`chdi:

– Yaxshi odamlarning boriga shukur. Ilohim, ular hamisha sog`-omon bo`lsin.

Ha, shunday! Yaxshi odamlar bor bo`lsin! Ko`zlarida shijoat va o`ktamlik porlab turgan fidoyi yigit Sobir Eshnazarov bilan suhbatlashganimizda: «Men shunchaki yordam berdim, xolos. O`rnimda boshqa odam bo`lganida ham shunday qilgan bo`lardi», dedi samimiyat bilan.

Ehtimol, shundaydir. Yana kim bilsin... Nima bo`lganida ham, u fidoyilik ko`rsatdi, insoniylik burchini bajardi, ota-onasiga rahmat yog`dirdi. Bu esa tahsinga loyiq.

manba: Postda

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1