2019 yil 22 avgust kuni soat 13-00 lar chamasi 20 yoshli S. Marg`ilon shahrida joylashgan savdo do`konlaridan birida telefon sotuvchisi 21 yoshli A.ni uyatli so`zlar bilan haqorat qilishi natijasida janjal kelib chiqqan.
Oqibatida, o`tkir tig`li jism bilan A.ga og`ir tan jarohati etkazgan va hodisa joyidan ketib yashiringan. Bu holat yuzasidan o`qilgan sud hukmi haqida O`zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti axborot berdi.
Marg`ilon shahar IIB huzuridagi tergov bo`limi tomonidan S.ga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan. Dastlabki tergov jarayonida unga JKning 104-moddasi 2-qismi “e” bandi bilan ayblov e`lon qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo`llanilgan. Dastlabki tergov yakuniga ko`ra, jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sud muhokamasiga yuborilgan, deyiladi xabarda.
Jinoyat ishlari bo`yicha Marg`ilon shahar sudi tomonidan fuqaro S. ushbu jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.






