“Alanga yong`inga qarshi kurashish” unitar korxonasida nazoratchi vazifasida ishlaydigan, muqaddam sudlangan 34 yoshli sudlanuvchi 2018 yilning iyunida Pop tumani, Qandig`on MFYda yashovchi qizga “Yoshlar ittifoqida ishlayman. Prezident topshirig`iga ko`ra, iste`dodli yoshlarni tanlab, ularni o`qishga joylab qo`yish uchun kelganman. Sizni ham “Nizomiy” nomidagi Toshkent pedagogika institutiga o`qishga kiritib qo`yaman, domla tanishlarim bor”, deb uning ishonchini suiiste`mol qiladi...
— 40-50.000.000 so`m xarajat ketadi, deydi ustamon yigit.
2018 yil iyunidan 2019 yil martiga qadar
- she`r va hikoyalarini nashr qildirish uchun 5.000.000 so`m,
- o`qishga kirganini aytib aldab, “o`qishga to`lovga” deb 10.000.000 so`m,
- o`qishga forma tiktirishga 1.500.000 so`m,
- televidenie xarajatiga 300.000 so`m,
- tadbir xarajatlariga 700.000 so`m,
- kitoblarini tarqatish xarajatlariga 1.000.000 so`m,
- o`qish shartnoma to`loviga 14.000.000 so`m,
- o`qish amaliyotini to`g`rilab berishga 1.580.000 so`m,
- nashr qilingan kitoblar uchun pul tushirilganini aytib, 6 nafar fuqarolarning plastik kartalarini so`rab olgan. Ularning bank plastik kartalaridan jami 2.711.000 so`m mablag`ni echib oladi. Jami 2.150.000 mikroqarz olib, jami 4.861.000 so`m zarar etkazadi.
- 2019 yil martida televideniedagi tanishi orqali jurnalist qilib ishga kiritishga, deb pora berishga dalolat qiladi. 4.000.000 so`m, jami 42.941.000 so`m mablag`ini qo`lga kiritib, talon-toroj qilgan.
“MIKROQARZLARIMNI TO`LASh UChUN IShLATDIM”
Sudlanuvchi sudda aybiga to`liq iqror bo`ldi...
— Jazoni ijro etish koloniyasidan kelganimdan so`ng musiqiy asboblarimdan tadbir va bayramlarda foydalanib tirikchilik qilishni boshlaganman. 2018 yil 15 iyunda Pop tumani, Yangiobod qishlog`idagi madaniyat saroyiga bordim. San`at saroyidagi xodimlar va Yoshlar ittifoqi Pop tuman kengashi xodimlari musiqiy kecha tashkil qilib, o`zim u erda ishtirok etdim. O`sha kuni tadbir davomida tashqariga chiqib, do`konga sigaret sotib olish uchun kirib, do`kondagi sotuvchi qizning onasi bilan gaplashib qoldim. Ayol “qizim bor, she`rlar yozadi. Qizimni ham shunday tadbirlarda davralarga olib chiqib, she`rlarini o`qib berishiga imkoniyat qilib bering. Qancha mablag` ketsa ham to`layman. Faqatgina qizim tadbirlarda faol ishtirok etib, hammaning nazariga tushishini xohlayman”, dedi. Keyin qizini chaqirtirdi, qizi o`zi yozgan she`rlarini qo`lyozma shaklda olib keldi. She`rlarini o`qib ko`rib, “yaxshi yozgan, qizingiz iste`dodli. Tadbirlarda ishtirok etishiga o`zim yordam beraman”, dedim. Ular esa “buning uchun qancha pul ketsa beramiz”, deyishdi.
Oradan 2-3 kun o`tib, qiz menga qo`ng`iroq qildi. Pop tuman markaziga yozgan she`rlarini olib borishini aytdim. U bilan uchrashib, qo`lyozma yozilgan she`rlarini oldim. Uni o`qishga kiritib qo`yishim, ungacha bu she`rlarini domlalarga ko`rsatib kelishimni aytib ishontirdim.
— Buning uchun 40-50.000.000 so`m atrofida pul ketadi, dedim.
Haqiqatan ham 2018 yil iyunda she`r va hikoyalarini nashr qildirish uchun 500.000 so`m, “o`qishga kirdingiz”, deb aldab, o`qishga to`lov uchun deb 2.000.000 so`m oldim.
Ularni aldab, jami 15-20.000.000 atrofidagi pullarni olganim to`g`ri. Pul zarur bo`lib qolgani sabab, qizni o`qishga kirganini aytib aldadim. Pullarni ehtiyojlarimga ishlatib yuborganman.
O`sha paytlari Pop tumani, Anhor MFY hududida nogironlar bilan ishlovchi matolar ishlab chiqaruvchi sex ochishni rejalashtirib yurgandim. Qizdan olgan pullarimni ushbu sexni ishga tushirish uchun ishlatib yubordim.
Qizga “Toshkentdagi Nizomiy nomidagi pedagogika institutining jurnalistika fakultetiga o`qishga kiritib qo`yaman”, deb aldab, ishontirdim. Turli bahonalarni o`ylab topib pulini olishga erishdim. Hatto qizning she`rlarini Namangan shahridagi bosmaxonada kitob holida chiqartirishim, kitoblarni chiqartirsam o`qishga osonroq kirishi mumkinligi, buning uchun pul kerak bo`lishini aytib aldaganman. Qiz va uning oilasiga she`rlari kitob holiga keltirilib bosmadan chiqarilgani, Namangandagi bir bankda qizning nomiga hisob raqami ochilgani, kitoblari To`raqo`rg`on tumanidagi maktablarga tarqatilib sotilib, jami 106.000.000 so`m pul hisob raqamida yig`ilganini aytib ularni ishontirdim.
2019 yil martda qizning onasiga qo`ng`iroq qilib, “bankdagi pullarni plastik kartochkalarga tushirib olish kerak. Buning uchun 6 ta bo`sh plastik kartochka topib berishingiz kerak”, dedim. Qizning onasi hamqishloqlaridan jami 6 ta plastik kartochkani kodlari bilan birga topib berdi. Keyinchalik ushbu plastik kartochkalarga tushgan oylik va pensiya pulini Agrobankda bo`lgan mikroqarzlarimni to`lash uchun ishlatdim. Shuningdek, jabrlanuvchini ishonchiga kirish maqsadida uning uyida tadbir uyushtirdim. Uning qarindoshlari va qo`shnilarini chaqirtirib, Toshkentda qizning kitoblari chiqarilgani uchun unga Toshkentdan faxriy yorliq berib yuborishganini aytdim. Tadbirda qatnashgan barcha jabrlanuvchining qarindoshlari va qo`shnilarining guvohligida unga faxriy yorliq topshirdim. Faxriy yorliqni Pop shahridagi do`kondan sotib olganman. Jabrlanuvchi va uning oila a`zolarida 48.000.000 so`m miqdoridagi pul bo`lmagan. O`qishga kiritish va amaliyotni hal qilish masalasini o`zim hal qilishimni aytib pullarni olganman. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutida hech qanday tanishlarim yo`q. Zararni qisman qoplaganman, aybimga iqror va chin ko`ngildan pushaymonman.
“4 YIL OZODLIKDAN MAHRUM QILISh JAZOSI TAYINLANDI”
Akrom ARIPOV, O`zbekiston Respublikasi Oliy sudi katta konsultanti:
— Sudlanuvchi JKning 168-moddasi 2-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi.
JKning 59-moddasi 2-qismi tartibida sudlanuvchiga tayinlangan jazolarni qisman qo`shib, uzil-kesil 3 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
JKning 60, 61-moddalari tartibida sudlanuvchiga tayinlangan jazoga jinoyat ishlari bo`yicha Pop tuman sudining 2016 yil 8 sentyabrdagi hukmi bilan tayinlanib, jinoyat ishlari bo`yicha Zangiota tuman sudining 2018 yil 24 maydagi ajrimiga ko`ra almashtirilib, o`talmay qolgan 1 yil 11 oy 7 kun axloq tuzatish ishlari jazosining har uch kunini ozodlikdan mahrum qilish jazosining bir kuniga tenglashtirib hisoblab, jazolarni qisman qo`shib, uzil-kesil o`tash uchun 4 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Jazoni o`tash muddati 2019 yil 21 noyabrdan boshlab hisoblanib, jazoni qattiq tartibli koloniyalarida o`tattirilishi belgilandi.
Sudlanuvchi jami 42.941.000 so`m zararning 9.080.000 so`mi qoplangani inobatga olindi.
Sudlanuvchidan pora predmeti sifatida 4.000.000so`m davlat foydasiga undirilishi belgilangan.
Sudlanuvchidan jabrlanuvchi foydasiga 29.861.000 so`m undirilishi belgilandi.
Hukmdan norozi taraflar hukm e`lon qilingan kundan, sudlanuvchi va jabrlanuvchi esa hukm nusxasini olgan kundan boshlab o`n sutka ichida shu sud orqali jinoyat ishlari bo`yicha Namangan viloyat sudiga apellyasiya tartibida, hukm qonuniy kuchga kirgach esa, kassasiya tartibida shikoyat berish yoki protest keltirishga haqli.
Sadoqat Allaberganova, jurnalist